Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat-xususiy sheriklik: davlatdan – kafolat, tadbirkordan – harakat va daromad

Moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan Samarqand viloyati hokimligida tashkil etilgan seminar-treningda davlat-xususiy sheriklik faoliyatining asosiy maqsadi ana shu mezonga qaratilishi ta’kidlandi.

Ochiq aytish kerak, «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga to‘rt oy bo‘lgan bo‘lsa-da, uning mazmun-mohiyati, qonun imkoniyatlaridan foydalanish davlat va tadbirkor uchun qanchalik foyda keltirishi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz. Davlat idoralari vakillari va tadbirkorlar ishtirokida seminar-trening tashkil etilishining maqsadi esa bu borada zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishga qaratildi. Unda Osiyo taraqqiyot bankining davlat-xususiy sherikligi bo‘yicha eksperti Erk Ozbelgi hamda Moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mutaxassisi B.Sodiqov mavzu yuzasidan xalqaro va mahalliy tajribalar haqida so‘z yuritdi.

- Avvalo, davlat-xususiy sherikligi nima ekaniga ahamiyat beraylik, - deydi B.Sodiqov. - Bu - investitsiya, innovatsiya, infratuzilma va boshqa loyihalar hamda muhim bo‘lgan davlat, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy ahamiyatga ega dasturlarni ko‘zda tutuvchi chora-tadbirlar majmui. Unda davlat boshqaruvi, hududiy hukumat organlari davlat tomonidan sherik, O‘zbekistondagi yuridik yoki jismoniy shaxs, xorijiy yuridik yoki jismoniy shaxs, davlat-xususiy sherikligini tuzgan yoki tuzish istagida bo‘lgan tashkilot esa xususiy sherik. Davlat xususiy sherikka uning loyihasini amalga oshirish uchun davlat kafolatlari va iqtisodiy ko‘mak taqdim etadi. Xususiy sherik esa davlat taqdim etgan imkoniyatlardan foydalanib, jamiyat va iqtisodiyotga naf keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanadi va foyda oladi.

Seminar davomida tadbirkorlarga shu kabi imkoniyatlar, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha ta’lim, tibbiyot, madaniyat, telekommunikatsiya, transport xizmatlari, uy-joy va kommunal xizmatlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yoqilg‘i-energetika sanoati, energiyaning qayta tiklanuvchi manbalari kabi sohalarda izchil faoliyat yuritish mumkinligi aytildi.

- 2018 yilda mahallamizda davlat-sheriklik asosida 75 o‘rinli «Mehrangiz kichkintoy» maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etgandik, - deydi Past Darg‘om tumanidagi Temirxo‘ja mahallasida yashovchi tadbirkor Risolat Mamaraimova. – Endi 280 o‘rinli milliy cholg‘u asboblari chalish, tasviriy san’at, drama, ashula va raqs kabi san’at turlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan madaniyat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchiman. Bugungi seminarda ushbu muassasani davlat-xususiy sheriklik asosida qanday tashkil etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni oldim.

Akram Bo‘riyev.