Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Daydilaridan ko‘ra, egali uy hayvonlaridan jabr ko‘rganlar ko‘proq

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, qarovsiz hayvonlar tishlashidan jabr ko‘radiganlarning 50 foizdan ortig‘i bolalar va o‘smirlarga to‘g‘ri keladi. Davlat veterinariya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab xar yili 1 millionga yaqin inson hayvonlar quturishi oqibatida orttirilgan kasallikdan vafot etadi. Ushbu ko‘rsatkichning 95 foizi qarovsiz daydi itlar tomonidan yetkazilgan jarohatlar bo‘lib, 60-65  foiz holatda 14 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalarda aniqlanadi.

Samarqandda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida olib borilgan ishlar yuzasidan shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Boliqul Hakimov bilan suhbatlashganimizda quyidagi fikrlarni bildirdi.

- 2019 yil davomida 699 nafar fuqaroga qarovsiz uy hayvonlari tomonidan turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. O‘rganishlar natijasida ularning 652 tasi egali, qolgan 47 tasi egasiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Egasi topilgan hayvonlarning ham faqat 419 tasi quturish kasalligiga qarshi emlanib, veterinariya guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan aholi punktlarida it va mushuklarni saqlash qoidalari tasdiqlangan. Unga muvofiq fuqarolar uchun sanitariya, veterinariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish uyda hayvon saqlashning majburiy sharti hisoblanadi. Shuningdek, ko‘p vaqatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarga qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan it va mushukni saqlashga ruxsat beriladi. Ular ochiq joylarda sayr qilganda it qochib ketmasligi, boshqa hayvonlarga va kishilarga zarar yetkazmasligi uchun tumshuqbog‘ va ikki metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida esa bir metrgacha uzunlikdagi yetovida bo‘lishi kerak. Itlarni tumshuqbog‘ va yetovsiz sayr qildirishga faqat maxsus ajratilgan, to‘siq bilan o‘ralgan maydonchalarda ruxsat beriladi. Shuningdek, it saqlovchilar ularni sayr qildirish joylarida va ko‘p qavatli uylarda kech soat 22.00 dan ertalab  8.00 gacha tinchlik saqlanishini ta’minlashlari shart.

Ayni karantin kunlari ham itlarni sayr qildirishda ushbu qoidalarga rioya qilish, shuningdek, uyidan 100 metr masofa atrofida hududdan uzoqqa bormaslik tavsiya etiladi. Sayrdan so‘ng, albatta itlarning panjalarini dezinfeksiya qilish maqsadga muvofiq.

Hududda epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida fuqarolarga o‘lgan hayvonlarni chiqit qutilariga, ko‘chaga tashlashlari man etiladi. Ular bu haqda birinchi navbatda mahalla fuqarolar yig‘inini xabardor qilishlari hamda hayvonni ro‘yxatga olish guvohnomasini ilova qilgan holda shahar obodonlashtirish boshqarmasi qoshidagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limiga topshirishlari lozim. Afsuski, aksar hollarda it va mushuk jasadlarini chiqit qutisi yoki ko‘chaga tashlab ketish holati ko‘p. O‘tgan yilning o‘zida bo‘limimiz va mas’ul tashkilotlar hamkorligida Samarqand shahar hududidan 1761 ta uy hayvonlarining jasadi yig‘ishtirib olingani fikrimiz isbotidir.

O‘tgan yili bo‘limimiz tomonidan 6785 ta uy hayvonlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, profilaktik emlandi. Ularning 3382 tasi birinchi marotaba ro‘yxatdan o‘tgan.

Asqar BAROTOV yozib oldi.