Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dehqon mehnatining yuksak e’tirofi

Samarqand shahridagi “Diyora” bazmgohida 8  dekabr –O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga viloyatdagi sohaga tegishli korxona-tashkilot xodimlari, fermer, dehqonlar, sohibkor, tomorqachi hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning respublika qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, mo‘l hosil yetishtirish, xalqimiz rizq-ro‘zi va farovonligini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan salmoqli hissasi, agrar sektordagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishdagi ulkan xizmatlari uchun bir guruh qishloq xo‘jaligi xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi”, “Ilg‘or fermer”, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni hamda viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Viloyatimiz va poytaxtdan kelgan san’atkorlar kuy-qo‘shiqlari bayram tadbiriga kelgan soha fidoyilariga xush kayfiyat baxsh etdi. Bayram bir piyola choy ustida davom etdi. Biz mukofotlanganlardan ayrimlarini suhbatga tortdik.

Abduqahhor TOJIYeV, Narpay tumani hokimi o‘rinbosari:

- Tumanimizdagi 367 ta fermer xo‘jaligining 222 tasi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Ular joriy yilda 10 717 gektar maydonda dehqonchilik qilishdi. Erta bahordagi yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lgani qishloq xo‘jaligi ishlarini biroz murakkablashtirdi. Shunday bo‘lsa-da, usta dehqonlar mehnati evaziga davlatga paxta sotish shartnoma rejasini viloyatimizda birinchilardan bo‘lib bajardik. 170 ta fermer xo‘jaligimiz paxta sotish rejasini ortig‘i bilan bajarib, o‘rtacha hosildorlik 29,8 sentnerni tashkil etdi. Bundan tashqari, tumanimizdagi klaster korxonalariga 1400 gektar yer ajratib berilgan va uning ming gektari tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazilgan. Bu maydonlarda o‘rtacha hosildorlik 38 sentnerga yetdi. Pillachilik korxonalarimiz va fermer xo‘jaliklarimiz 210 tonnalik rejani ortig‘i bilan bajardi, pillachilik klasteri tashkil etilib, ipak eksportini yo‘lga qo‘yayapmiz. 5690 gektar maydonda g‘alla yetishtirgan dehqonlarimiz viloyatda birinchi bo‘lib shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarishdi. Bunda, albatta, yerga organik hamda mahalliy o‘g‘itlarning to‘g‘ri ishlatilishi va dehqonlarimizning tajribasi tufayli erishildi. 2020 yilga 5720 gektar maydondagi g‘alla to‘liq undirib olindi va ikkita g‘allachilik klasteri tashkil etildi. Tumanimiz dehon-fermerlarining ana shunday zahmatli mehnatlari viloyat hokimligi tomonidan alohida e’tirof etildi. 

Asadulla JO‘RAYeV, Ishtixon tumanidagi “JAF” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i:

- Uch yildirki yurtimizda qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni alohida bayram sifatida nishonlanmoqda, bu albatta dehqonga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromdir. Keyingi yillarda agrar tarmoqqa berilayotgan e’tibor, sohaga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion g‘oyalarning jalb etilishi natijasida tarmoqda bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Joriy yilda barcha yo‘nalishlarda davlat shartnomalarini ortig‘i bilan bajardik. Jumladan, 1800 kilogramm pilla topshirdik, g‘alla gektaridan o‘rtacha 73 sentnerdan, paxta maydonlaridan 36 sentnerdan hosil olindi. Agrar sohadan kelayotgan daromadlar hisobidan non va non mahsulotlari, tikuv sexi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etdik.

O‘rmonbek MIRZOHIDOV, Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi direktori o‘rinbosari:

- Uzum va bog‘dorchilikni murakkab sohadan serdaromad sohaga aylantirish sirlarini o‘rganyapmiz. Buning uchun aholi va fermerlarga mevadan yuqori hosil olishda ko‘maklashish, yangi va yuqori hosilli navlarni yaratish ishlarini olib boryapmiz. Ilmiy tajriba stansiyamizda serhosil meva va uzum navlarini yaratish hamda ularni mahalliy hamda chetdan keltirilgan navlarini o‘rganish ustida ish olib boryapmiz. Izlanishlarimiz natijasida joriy yilda uzumning “Samarqand”, “Sug‘diyona” va “Moturudiy” navlari davlat reyestriga kiritildi. Yangi navdagi ikkita nok mevasi davlat komissiyasiga yuborildi. Bu navlar hosildorligi, kasallikka chidamliligi, sifat darajasining yuqoriligi bilan oldingi navlardan ajralib turadi. Shu mehnatlarimiz e’tiborga olinib, bugun “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.  

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).