Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputatlar O‘zbekistonda jarimani oshirishga qarshi chiqdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘plab qonun loyihalari qatori “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Loyihada tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga yo‘l bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka oid yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish maqsadida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun yo‘l bergan transport vositalari haydovchilarini javobgarlikdan ozod qilish bo‘yicha qoida kiritish taklif etilgan.

Haydovchilarni ijtimoiy mas’uliyat nuqtai nazaridan yo‘l qoidasini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etish adolat prinsiplariga mos ish, deyish mumkin.

Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285-moddasi transport vositalari haydovchilarining ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlik kiritilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishni belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, ushbu moddaning uchinchi qismi sanksiyasida yigirma baravari miqdorida belgilangan jarima miqdorini yigirma besh baravarga oshirish taklif etilgan.

Mas’ul qo‘mitada o‘rganib chiqilayotgan qonun loyihasi bo‘yicha deputatlar maxsus xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berishi uchun javobgarlikni kuchaytirishdan oldin, bunday harakatlanish uchun yo‘llardagi infratuzilmani yaxshilash zarurligini bildirmoqdalar.

Shuningdek, deputatlar bunday qoidabuzarlik uchun amalda bo‘lgan jarimalarni oshirish maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qilib, mavjud jarimalar miqdorining o‘zi ham ko‘pgina xorij mamlakatlariga nisbatan yuqori ekanligini ta’kidlashmoqda.

Ayni paytda qonun loyihasi yuzasidan deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda tegishli qo‘mitaning xulosasi tayyorlanmoqda.