Vadim Abramov: Legionerlar borasida to‘g‘ri tanlov qildik, deb umid qilaman
"Dinamo" urugvaylik va sloveniyalik futbolchilar bilan shartnoma imzoladi.
"Dinamo" jamoasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davom etmoqda.
Klub axborot xizmati xabariga ko‘ra, Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarda futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash, jamoaga legioner va kuchli mahalliy futbolchilarni jalb qilish hamda turli ishlanmalar ustida ishlamoqda.
Yig‘in doirasida jamoa safiga urugvaylik 26 yoshli legioner, markaziy himoyachi Mauro Brazil hamda 28 yoshli sloveniyalik yarimhimoyachi Til Mavretich kelib qo‘shildi va ular bilan bir yillik shartnoma imzolandi.
Mauroning so‘nggi klubi Urugvay chempionati vakili "Serro-Largo" klubi bo‘lib, 2025 yilda Klausurada 5-o‘rinni egallagan. Mauro Brazil o‘z vaqtida Urugvay U-20 yoshlar jamoasi safida 10 ta o‘yinda maydonga tushgan. Shuningdek, u Urugvay milliy jamoasiga ham chaqirilgan bo‘lib, debyut o‘yinida Kosta-Rikaga qarshi bahsda markaziy himoyada harakat qilgan. Mauro Brazil – "Dinamo" tarixidagi urugvaylik ilk o‘yinchiga aylandi.
Til Mavretich esa so‘nggi uch mavsumni Estoniya futboli grandi «Levadiya» safida o‘tkazib, chempionat, kubok, YeChL va Yevropa Konferensiya ligasi saralash bahslarida 102 o‘yinda maydonga tushgan. Xususan, so‘nggi 2025 yilgi mavsumda 30 o‘yinda 2 ta gol va 3 ta assist qayd etgan.
Markaziy yarimhimoyachi faoliyati davomida Sloveniyaning «Interblok», «Goritsa», «Tabor Sezana», Italiyaning S Seriyasi vakili «Monopoli» klublarida ham faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Superliganing iqtidorli yarimhimoyachilaridan biri Bektemir Abdumannonov ham «Dinamo» PFK bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi. 23 yoshli yarimhimoyachi jamoaning Dubaydagi yig‘inida qatnashmoqda.
Abdumannonov dastlab «Metallurg» va O‘zbekiston yoshlar jamoalari safidagi o‘yinlari bilan tanilgan bo‘lsa, so‘nggi uch mavsumni «Andijon» safida o‘tkazdi. Xususan, 2025 yilgi mavsumda andijonliklar bilan Superligada 11-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, Superligadagi 30 o‘yinda 4 ta gol va 8 ta assist qayd etgan.
"Dinamo" kecha, 19 yanvar kuni dastlabki nazorat bahsida Qozog‘istonning "Qaysar" klubiga qarshi maydonga tushdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bosh murabbiy Vadim Abramov o‘yindan keyin tayyorgarlik va legionerlar haqida fikrlarini bildirdi.
- Legionerlar borasida to‘g‘ri tanlov qildik, deb umid qilaman, – dedi Vadim Abramov. - Yaxshi sparring raqib bo‘ldi, aynan shunday o‘yinlar uchun ham shu yerdamiz. Yigitlar ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qilib, o‘z ishlarini qilishdi. Bu menga yoqdi. Ehtimol, ilk daqiqadayoq gol urganimiz sabab raqibning kuchiga to‘g‘ri baho bera olmadik. Ikkinchi bo‘lim nazoratimiz ostida o‘tdi. Yangi o‘yinchilar haqida aytadigan bo‘lsam, maydonga tushgan har bir futbolchi o‘ziga bildirgan ishonchni oqladi, deyish mumkin. O‘ylaymanki, legionerlar borasida to‘g‘ri tanlov qildik. Ularning ayrimlari hali sport formasida emas, ammo harakatidanoq ular o‘ynay olishini sezish mumkin.
Dubaydagi yig‘in 29 yanvarga qadar davom etadi va o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida jamoa tarkibi kuchaytirilib, Qozog‘iston va Rossiya klublariga qarshi bellashuvlar o‘tkaziladi.