Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Diyoraning mijozi qo‘shnisining tilla buyumlarini o‘g‘irlab ketayotgandi...

Bulung‘urlik Diyora Amanova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya” avtomashinasida yo‘lovchi tashib, uch-to‘rt so‘m daromad qiladi. O‘sha kuni – 2019 yil 2 fevral, kunduzi soat  ikkilarda ham har doimgidek bekatda yo‘lovchi kutib o‘tirgandi. Ziyoda Boyliyeva uning oldiga kelib, shoshayotganini, onasi Samarqand shahridagi kasalxonada reanimatsiyada yotganini, tezda yetib borishi lozimligini, to‘rt kishi uchun pul to‘lashini aytadi. Bu, yo‘lovchi siyrak paytda har qanday kirakash uchun ayni muddao edi. U buyurtmachining talabi bilan tezda yo‘lga tushdi.

Ular M-39 magistral yo‘lining Jomboy tumani hududida ketayotganida Diyoraning telefoni jiringladi. U telefonda uzoq gaplashdi. Ora-sira orqa salonda o‘tirgan mijozga zimdan qarab qo‘ydi. Uning uzoq va sha’mali gaplashishidan Ziyoda bezovtalanib, diqqatini jamlar, tanu-joni quloqqa aylangandi.

Aslida ham vaziyat Ziyodaning bezovtalanganicha bor edi... 

...Sojida uyidagilarning somsa yegisi kelganini, ammo o‘zi barcha ishlarga ulgurmayotganini aytib, qo‘shnisi, ham dugonasi bo‘lmish Ziyodani yordamga chaqirdi. Ikki dugona birgalashib somsaga unnab ketdi. Birozdan so‘ng Sojida bir ish bilan tashqariga chiqqanida Ziyoda atrofni kuzata boshladi. Qo‘shni xonaga ham o‘tdi. Shunda bexosdan shkafda, idishda turgan ikki dona tilla zanjirga ko‘zi tushdi. Zanjirlarni tomosha qilar ekan, shum xayollar uning o‘y-fikrini egallab oldi. Bu bejirim tilla zanjirlar o‘ziniki bo‘lishi uchun biror bir reja o‘ylay boshladi. Ko‘p o‘tmay Sojida xonaga kirib keldi. Bu paytda Ziyoda rejani pishitib bo‘lgan edi. U dugonasiga uyiga ketishi lozimligini aytib, shoshib jo‘nadi. Ammo ko‘p o‘tmay tilla zanjirlar turgan uyning orqa derazasidan kirib zanjirni olib, yana shu derazadan qaytib chiqib ketdi...

... Sojida qolgan ishlarni o‘zi qilayotgan edi. Qo‘shni xonaga bir ish bilan kirdiyu ko‘rinarli joyda turgan tilla zanjirlarning yo‘qligi uning e’tiborini tortdi. U hamma joyni ko‘rdi. Ammo topolmadi. Qo‘rqib ketganidan akasiga telefon qilib, tilla zanjirlar yo‘qolganini, uyga shu orada faqatgina dugonasi Ziyoda kelib-ketganini aytdi. Akasi tezda profilaktika inspektoriga telefon qildi. Ichki ishlar xodimlari Ziyodani surishtirishga tushishdi. Taksilar to‘xtash joyidagilar ular aytayotgan qiz hozirgina Diyora Amanovaning mashinasiga o‘tirib shaharga ketganini aytdi. Ichki ishlar xodimlari uning raqamini topib, telefon qilishdi.

Diyora mashinasiga chiqqan yagona yo‘lovchisi qo‘shnisining buyumlarini o‘g‘irlab kelayotganini bilgach ichki ishlar xodimlari aytganidek uni ushlab turdi. Ular yetib kelgach Ziyodani so‘roq qila boshladi. Shunda voqea butunlay boshqa o‘zanga burilib ketdi. Endi u aybini yashirish uchun Diyoraga tuhmat toshini otishdan o‘zini tiyolmadi: tilla zanjirlarni keyinchalik ma’lum haq evaziga qaytarib berish sharti bilan Diyora olganini aytdi. Haydovchi ayol bu tuhmatdan dong qotdi. Ichki ishlar xodimlari zanjir uning ko‘rsatuvi bilan Diyorada, uning mashinasida, hatto ishga aloqador deb u yashayotgan xonadonda ham tintuv o‘tkazdi. Ammo tuhmat isbotini topmadi. Natijada Z. Boyliyeva qilmishiga yarasha jazo oldi.

Diyora Amanova esa jinoyat sodir etilishida aybsiz deb topilib, oqlandi hamda jinoyat ishining unga nisbatan qismi tugatildi. 

Muhiddin TO‘XTAYeV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining sudyasi.