Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dori vositalarini ro‘yxatga olish tartibi korrupsiogen omillardan xoli emas

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Polvonovning saylovoldi dasturida korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy o‘rin tutadi. Jumladan, u nurobodlik saylovchilar bilan uchrashuvda ham davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatida qonuniylik bo‘lishi uchun nazoratni kuchaytirish kerakligini bildirgandi.

O‘tgan davr mobaynida bu borada aynan uning o‘zi yoki parlament quyi palatasi qanday o‘zgarishlarni amalga oshira oldi? Saylovchilar buni nimalarda ko‘rishi mumkin?

- Avvalambor, parlamentning o‘ziga xos funksiyalaridan kelib chiqib korrupsiyaga qarshi kurash bir necha yo‘nalishlarda olib boriladi, - deydi Sh.Polvonov. - Eng asosiy yo‘nalish, bu qonun ijodkorligi yo‘li bilan korrupsiyaga qarshi kurashish. Bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” maxsus qonun qabul qilingani, o‘tgan yilda sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etishga oid qonun misol bo‘la oladi. Yaqinda esa yer uchastkalarini olib qo‘yish vakolatini hokimliklardan olib, mahalliy Kengashlarga berishga oid qonunni qabul qildik.

Qonun ijodkorligidagi yana bir masala, bu – qonunlarning o‘zini korrupsiogen normalardan xoli etish. O‘tgan davr mobaynida korrupsiogen normalarning 10 dan ortig‘i qonun loyihalaridan chiqarib tashlandi. Agar u korrupsiyadan xoli bo‘lmasa qonun o‘zi ham qaytarilyapti. Masalan, yaqinda sudlarning ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ayrim vakolatlarini ichki ishlar organlariga o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlarimiz tomonidan korrupsiogen, deb topildi va qaytarildi.

Yana bir faoliyat yo‘nalishimiz - parlament nazorati, bunda mansabdor shaxslarning axborot va hisobotini eshitamiz. O‘tgan yil davomida 20 ga yaqin parlament eshituvi, 80 ga yaqin qo‘mitalar eshituvi o‘tkazilgan. Eshituvlar davomida u yoki bu mansabdor shaxsning bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida 3 ta vazirlik va idora rahbarlarining axboroti eshitilgan. Yakunda tegishli vazirlik yo idorada ichki nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, faoliyati shaffofligini ta’minlash, ichki hujjatlaridagi korrupsiogen normalarni bartaraf etishga qaratilgan qarorlar qabul qilinib, ijroga qaratilgan. Masalan, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan eshituv davomida dori vositalarini ro‘yxatga olish tartibi korrupsiogen omillardan xoli emas, deb topildi.

Oddiy misol, dori vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha amaldagi Nizomga muvofiq, ro‘yxatga oluvchi organ taqdim etilgan hujjatlarda arzimagan kamchiliklarni aniqlagan taqdirda ham hujjatlarni 5 oy ushlab turib, keyinchalik rad etishi mumkin. Shu sababli ro‘yxatga olish rad etilganda, rad etishning 2 pog‘onali tizimini joriy qilishni taklif etdik. Ya’ni, agar hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, uni 10 kundan kechiktirmay, agar laboratoriya tekshiruvlari bilan bog‘liq bo‘lsagina uni kechroq muddatda rad etishni so‘radik. Ushbu taklifimizga asosan bugungi kunda amaldagi Nizomga o‘zgartish kiritish borasida loyiha tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Bundan tashqari, qo‘mita qaroriga muvofiq, vazirlik tomonidan ichki nazorat olib borilgan va mahalliy byudjetdan moliyalashtiriluvchi tibbiyot muassasalarining 2020 yil uchun tuzilgan xarajatlar smetasiga 7 milliard 58,4 million so‘m mablag‘ ortiqcha kiritilgani aniqlanib, bartaraf etilgan.

Shuningdek, vazirlik tizimida ishga qabul qilish, orderlar berishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish va bozor mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi hamda “Tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga bog‘liq ravishda shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash jarayoniga axborot-texnologiyalarini joriy qilish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarimizdan to‘liq qoniqish hosil qilganmiz, desak xato bo‘ladi. Faoliyatimizni yanada foydali va samarali tashkil etish imkoniyatlarimizdan kengroq foydalanishimiz kerak, deb hisoblayman.