Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXX Chegara qo‘shinlari Farg‘ona viloyatidagi hodisa yuzasidan izoh berdi

2019 yil 12 noyabr kuni internet ijtimoiy tarmoqlarida Farg‘ona tumani Hosilot aholi punktida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan chegara oldi aholi fuqarolariga jismoniy kuch ishlatilishi to‘g‘risidagi videorolik keng tarqalgan edi.

Chegara qo‘shinlari vakilining ma’lum qilishicha, shu yilning 10 noyabr kuni soat taxminan 17:00 larda (videorolikda aks ettirilgan) O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonunining 39-moddasiga asosan Farg‘ona tumani Hosilot chegara oldi aholi punktida joylashgan ko‘prik oldida (chegara oldi hududida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish) chegara naryadi belgilangan vazifani o‘tayotgan bo‘lgan.

Ushbu vaqtda mazkur hududda davlat raqami 40 G 014 KA bo‘lgan “Neksiya-2” avtomashinasida fuqarolar Saidjonov Umidjon Xoldorali o‘g‘li va Fozilov Abdurasul Ma’rufjon o‘g‘li chegara naryadlarining to‘xtash to‘g‘risidagi talablariga bo‘ysinmay harbiy xizmatchilarni urib yuborishga uringan holda katta tezlikda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Oradan bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng ushbu fuqarolar ortga qaytishda chegara naryadlari oldida to‘xtab, ularni haqoratlab, o‘rtada ziddiyat keltirib chiqarishga urinishadi va to‘plangan mahalliy aholini chegarachilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka chaqirishadi. Ushbu fuqarolar bu xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 196-1 moddasi 2-qismida nazarda tutilgan (Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik qilish) qonunbuzarlikni sodir etishadi.

Shundan so‘ng videotasvirda ma’lum bo‘lganidek, chegara naryadlarining talablariga bo‘ysinishdan bosh tortganligi uchun (noqonuniy harakatlarni, shuningdek, chegara buzuvchilarini to‘xtatish uchun qurol va maxsus vositalarni qo‘llashni tartibga soluvchi) «O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi Qonunning 43-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi DXX to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasi talablariga muvofiq fuqaro Saidjonov Umidjon Xoldarali o‘g‘li va Fozilov Abdurasul Marufjon o‘g‘liga nisbatan jismoniy kuch ishlatish orqali ushlanadi.

Qo‘lga olish natijasida ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolarning yonida shaxsini tasdiqlovchi va avtoulov vositasini boshqarish huquqini beruvchi biror-bir hujjati yo‘qligi aniqlanadi.

Keyin qo‘lga olingan fuqarolarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish uchun belgilangan tartibda ichki ishlar idoralariga topshiriladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, fuqaro U.Saidjonov avval ham chegarachilar tomonidan bir necha bor Davlat chegarasi rejimini buzganligi, turli tovar-moddiy buyumlarini davlat chegarasidan noqonuniy olib o‘tganligi uchun qo‘lga olinib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, 2016 yil 31 oktyabr kuni umumiy qiymati 7 million 937 ming 500 so‘mga teng bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida foydalanishi taqiqlangan 150 Vt quvvatli cho‘g‘lanma lampalarni, 2018 yil 7 yanvarda davlat raqami 40 X 690 LA bo‘lgan “Tiko” rusumli avtoulovda umumiy qiymati 18 million so‘mga teng bo‘lgan parfyumeriya mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga qonunga xilof ravishda olib o‘tyotgan vaqtda ushlangan bo‘lsa, 2019 yil 10 noyabr kuni fuqaro A.Foziljonov bilan birga ushbu hududda Davlat chegarasi rejimini buzganligi uchun ham qo‘lga olingan.

Barcha holatlarda bayonnomalar tuzilib, belgilangan tartibda Farg‘ona tumani ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan va ushbu fuqarolarga nisbatan ma’muriy javobgarlik bo‘yicha ish ochilgan.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, ilgari ushbu hududda mahalliy kontrabandachilar qo‘rqitish va jinoyat sodir bo‘lgan joydan yashirinish maqsadida chegarachilarga nisbatan bir necha bor bosim o‘tkazishga uringan.

Shu kabi bosimlar oqibatida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilaridan bir guruhi, jumladan, 2010 yilda N.Egamov, 2012 yilda A.Yunusov va 2013 yilda J.Ashirovlar Davlat chegarasini qo‘riqlash vaqtida halok bo‘lgan.

Ayni vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura bilan hamkorlikda yuqoridagi holat bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazmoqda. Vaziyatga oydinlik kiritilgach, qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi.