Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXX Samarqandda katta miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘ydi

Giyohvand moddalar iste’moli insoniyat uchun nechog‘li zararli va xatarli ekanligi hech kimga sir emas. Ularning ta’sirida qanchadan - qancha umrlar xazon bo‘lib, oilalar parokanda bo‘lmoqda. Buni bila turib giyohvand moddalar savdosini o‘ziga kasb qilib olgan kimsalarni kim deb atash mumkin? Mamlakatimiz huquq-tartibot idoralari tomonidan bu kabi narkojinoyatlarning oldini olish borasida jiddiy choralar ko‘rilmoqda.
 
Jumladan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Urgut tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan Bahrom Aliqulovning xonadoni yerto‘lasidan sotish maqsadida yashirib qo‘yilgan 4 kg. 635 gr. “opiy” moddasi topildi.
 
Aniqlanishicha, ushbu og‘u Bahrom Aliqulovning ukasi 1997 yilda tug‘ilgan Hasan Shukurovning Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Panjikent tumanida yashovchi tanishi “Rajab” ismli shaxs tomonidan Toshkent viloyati Bekobod tumaniga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilib, tegishli joyga yashirib ketilgan. O‘z navbatida Bahrom Aliqulov mazkur giyohvandlik vositasini Urgut tumanidagi yashash manziliga olib kelgan. Ushbu ishga aloqador bo‘lgan Bahrom Aliqulovning ukasi Hasan Shukurov ham hibsga olindi.
 
Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ichki ishlar idoralari xodimlari bilan Samarqand shahrida o‘tkazgan boshqa bir tezkor tadbiri davomida Tojikiston Respublikasi fuqarolari Uchqun Imomov hamda Doud Qarobekov 1 kg 855 gr “opiy” giyohvandlik vositasini mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, 20 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
 
Aniqlanishicha, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumanida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan Uchqun Imomov va 1983 yilda tug‘ilgan Doud Qarobekov ushbu “opiy” moddasini “VAZ-2110” rusumli avtomashinaning yoqilg‘i bakiga maxsus joylashtirib, yashirincha olib o‘tishgan.
 
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.