Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXX tomonidan bir qator giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi

DXX xodimlarining Bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida poytaxtimizda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar Ishmuxamedov, To‘laganov, Toirov hamda Islombekovlar ushlanib, ulardan mamlakatimizga xalqaro pochta jo‘natmalari orqali kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan va poytaxt hududida sotilishi lozim bo‘lgan 160 gramga yaqin “kokain” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. O‘zining moddiy manfaatlarini o‘zga insonlar sog‘lig‘i va hayotidan ustun qo‘yadigan ushbu kimsalar kokain moddasining 1 gramini 300-350 AQSh dollardan sotishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir natijasida 1976 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi Abdushukur Tursunov to‘xtatib tekshirilganda, uning yonida 117 gramm “opiy” va 116 gramm “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashitirib olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur giyohvand moddalarni 1965 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Denov shahrida yashovchi Abdusamat Ochilovdan olganligi ma’lum bo‘ldi. U ham Toshkent shahrida protsessual tarzda ushlandi va uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi olindi.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiqo‘rg‘on tumani Qizilyozi mahallasida yashovchi, 1952 yilda tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba sudlangan Saydismon Qambarov boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomashina tekshirilganda, uning yukxonasida 1085 gramm “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, u Yangiqo‘rg‘on tumani Zarkent qishlog‘i, Madaniyat mahallasi hududidan o‘tgan davlat chegarasi yaqinida qirg‘izistonlik «Aqilbek» ismli shaxsdan ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olgan va Namangan shahrida sotishni rejalashtirgan.

DXX xodimlarining viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Namangan shahriga kirishda “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1981 yilda tug‘ilgan, Namangan shahrida yashovchi Tolib Turg‘unovning yonida 482 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1986 yil Urgut tumanida tug‘ilgan Yodgor Barotov hamda 1976 yil Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan Ahmad Rasulovning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Ulardan 1 kilogramm 300 gramm “opiy” va 1 kilogramm 490 gramm “marixuana” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 160 grammga yaqin “kokain”, 1 kilogramm 422 gramm “opiy”, 1 kilogramm 683 gramm “gashish” va 1 kilogramm 490 gramm “marixuna” moddalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.