Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ekologik partiya deputatlari saylovchilar ishonchini oqlayaptimi?

Rost, guruhimiz to‘qqiz nafar deputatlarning hammasini ham faol deb aytolmaymiz. Joylarda yetarlicha muommolar mavjud. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo deputatlarimiz tomonidan ana shu muommolarni hal etish uchun  mutasaddi tashkilot va muassalar rahbarlariga deputat so‘rovlari chiqarilmayotganligini ham tan olishimiz lozim.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, internet sahifalarida viloyat hokimi ishonch bildirgan va joylardagi ekologik muommolarni qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqayotgan, bong urayotgan yosh jurnalist o‘quvchilarga ba’zan havas qilamiz. Lekin afsuski, biz kattalarda ulardagi jur’at yetishmayapti.

Albatta, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga qaramasdan, bugungi kunda faol ish olib borayotgan deputalarimiz ham yo‘q emas. Misol uchun, 49-Ravonak saylov okrugidan deputat Narziqul Xoliqov ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida daraxtlarga tashqi reklama vositalari o‘rnatilganligini qoralab, muammoning yechimi yuzasidan o‘z takliflarini bildirgan edi. Bu mutasaddi tashkilotlarga ta’sir qilib, masala keng miqyosda o‘rganildi hamda daraxtlarni bunday “libos”dan tozalashga kirishildi.

Shuningdek, 14-Mingchinor saylov okrugidan deputat Baxtiyor Abdullayev bir necha marta saylovchilar bilan uchrashib, ular ko‘targan muammolarni hal etish maqsadida mutasaddilar oldiga masalalar qo‘yishga kirishdi.

Xususan, yo‘llarning nosozligi, gaz ballonlarining o‘z vaqtida ta’minlanmasdan kelinayotgani, toza ichimlik suvi hamda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar haqidagi murojaatlar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.

Bulung‘ur tumani, Olmon qishlog‘idagi eski artezian qudug‘i bilan bog‘liq muammolar, ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan ichki yo‘llardagi nosozliklarni hal etish yuzasidan deputat aralashuvi bilan chora-tadbirlar belgilanganligini alohida ta’kidlash lozim.

51-Sochakibalo saylov okrugidan deputat Lobar Mo‘minovaning "Obod va xavfsiz mahalla" tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish bo‘yicha” ishlab chiqilgan Yo‘l xaritasining uchinchi bo‘limida “Oila muqaddas degan ezgu g‘oyani targ‘ib qilish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga ko‘maklashish” masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani ahamiyatli.

Hurmatli deputatlar! Xalqimiz, ayniqsa, siz bergan va’dalarni e’tibordan chetda chiqargani yo‘q. Endi shu ishonch ortidan dastur qilib, ularni har haftada, har oyda xabardor qilib turish kerak. Mana shu narsalarni o‘z vaqtida, tizimli amalga oshirishimiz zarur. “Saylandik-ku! Bo‘ldi endi, suvdan o‘tdik”, desak xato bo‘ladi.

F.AXROROV,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhi rahbari.