Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elchilar dars beradigan, Markaziy Osiyodagi yagona universitet qayerda joylashgan?

Samarqandda turizm va sport vazirligi tomonidan viloyatdagi turizm ob’yektlariga info-tur tashkil etildi.

Respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari dastavval «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti bilan yaqindan tanishdi.

Innovatsion sport zal, o‘ziga xos konfrens zal, naq yo‘laklarning o‘zida moslashtirib tashkillashtirilgan nutqni rivojlantiruvchi burchaklar, ipak yo‘lining asosiy mahsuloti sanalgan ipak, ziravorlar va choy burchaklari, Markaziy Osiyo xalqlarining milliy liboslari jamlangan ko‘rgazma – hammasi zamonaviy shakl va did bilan universitet binosida jamlangan.

Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ma’ruza xonalari, kutubxona va suzish havzasi – hammasi ko‘rgazma uchun emas, talabalarning sifatli bilim olishlari uchun xizmat qilmoqda.

- Xitoyning Guilin Tourism universiteti, Chexiyaning Logistic High School, Indoneziyaning Jakarta Sahid Polytechnic hamda Surakarta turizm Sahid kabi jahon universitetlari bilan «ikki diplom» dasturi doirasida shartnomalar imzolaganmiz, - deydi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri, «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov. – Shuningdek, amaliyot o‘tash uchun 20 ga yaqin mehmonxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Universitetda Avstraliya, Polsha, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlardan o‘qituvchilar kelib dars o‘tishadi. Shuningdek, navbati bilan xorij davlatlarining elchilari mashg‘ulot o‘tishi ham an’anaga aylandi. Elchixonalar bilan hamkorlikda universitetga qator noyob kitoblar keltirildi. Shuningdek, turizm sohasini o‘rganayotgan talabalar faqatgina viloyatlar emas, mamlakatimizning tuman, qishloqlari haqida ham bilishlari zarur. Kelgusida hududlarda turizm zonalarini tashkil qilishga bosh qo‘shadigan insonlar ushbu ta’lim muassasasi bitiruvchilari bo‘lishi kerak. Shuning uchun mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish imkoniyatlari bo‘lgan tumanlar haqida mavjud kitoblarni ham yig‘ib, kutubxonaga keltirdik.

Darvoqe, universitet kutubxonasi ushbu ta’lim muassasasining boshqa xonalari singari noodatiy: ham shaklan, ham mazmunan. Kutubxona devorlariga ilingan suratlar ham shunchaki, chiroy uchun emas. Ularning har biriga QR-kod orqali kirib, turizmga oid jurnallarni varaqlab chiqishingiz mumkin.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan alohida jihat, universitetda joylashgan laboratoriya bo‘ldi. Odatda laboratoriya deganda aniq fanlar bilan shug‘ullanuvchi kasb egalari shug‘ullanadigan, turli kimyoviy va boshqa asboblari mavjud xona tushuniladi.

- Turizm sohasini o‘rganuvchi talabalar mehmonxona ishini tashkil qilishni a’lo darajada o‘zlashtirishlari lozim, - deydi universitetda xalqaro maslahatchi sifatida faoliyat yurituvchi Aliya Ospanova. – Shuning uchun laboratoriyamizda kichik mehmonxona tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda talabalar karavotni to‘g‘ri tekislashdan tortib, sochiqlar qay tartibda turishi, restoranda idishlar joylashuvi, mehmonxonadagi tozalik va boshqa servislarning xalqaro andazalarini o‘rganishadi. Afsuski, mamlakatimizda mehmonxonalar ko‘p bo‘lsa-da, ularning barchasi ham xalqaro standartlarni o‘zida mujassam etmagan. Bu esa kadrlarning yetarli bo‘lmagani bilan bog‘liq.

Darvoqe, mazkur universitet bitiruvchilariga ish hozirdan tayin: ingliz va boshqa xorij tillarida bemalol so‘zlashadigan talabalarga Samarqand shahrida qurilayotgan turistik markazda ish taklif qilishgan.

Jurnalistlar hozircha mamlakatimizdagi yagona bo‘lgan Konigil turizm qishlog‘i, yangi tashkil qilingan O‘smatboy san’at galereyasi hamda shaxmat kafesi bilan tanishdilar.

Gulruh Mo‘minova.