Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’yektlari qat’iy muhofaza qilinadi

– Sug‘orilmaydigan yer maydonining 30 sotixida dehqon xo‘jaligi tashkil etganman. Uch yildan buyon faoliyat yuritib, yerdan mahsulot olyapman, soliqlarni to‘lab kelyapman. Shu hududda katta elektr transformatori bor. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari "Otaxon, endi ekinni sug‘orishda yerni ko‘llatib yubormang, daraxt ekmang.  Aks holda jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi", dedi. Shu rostmi?

Abduraim MURODULLAYEV,

Narpay tumani.

– 2018 yil 28 yanvarda Vazirlar Mahkamasining "Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’yektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ixtiyorida elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’yektlari bo‘lgan korxonaning yozma roziligisiz elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’yektlarining muhofaza zonalari doirasida siz kabi yuridik va jismoniy shaxslar daraxt va butalarni ekish, kesish hamda 0,3 metrdan, shudgorlanadigan yerlarda esa 0,45 metrdan ortiq chuqurlikda qazish ishlarini amalga oshirish, tuproqni tekislashga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, bunday hududda har qanday bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash, buzish, har qanday turdagi kon, portlatish, melioratsiya, shu jumladan, yerga vaqtinchalik suv bostirish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, suv havzasi tubini chuqurlashtirish, tuproqni kavlab olish va ortish-tushirish ishlari, baliq va boshqa suv jonivorlarini suv osti changaklari bilan tutish, suv o‘simliklarini chiqarib olish, agar suv oqimi balandligi 3 metrdan ortiq bo‘lishi mumkin bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sug‘orish taqiqlanadi.

 Akram BOBOYEV,

"O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi katta inspektori.