Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elektriklarga rahmat yoki ular menga o‘xsharkan

Juma kuni tunda o‘chgan chiroq shanba tongida ham yonmadi. Isitish tizimi tugul sovuq suv ham elektr energiyasi bo‘lmasa chiqmaydi. Uni-ku qo‘shnilarni pishma kranidan amalladik. Uyni isitish muammo.

- Xonam sovib ketdi, - deya o‘g‘lim ham, qizim ham onasi bilan o‘tirgan uyga kirib kelishdi.

Xullas, mo‘rini ochdik, ombordan pechni olib kelib o‘rnatdik. Quruq shox-shabba, to‘rvani ostida qolgan ko‘mirni qalab qo‘ydik.

Kichik o‘g‘limning xursand bo‘lib qiyqirgani zavqlantirib yubordi. Demak, muammo hal bo‘ldi – uyni isitsa bo‘ladi.

Elektriklarga rahmat!

Rost, chiroq o‘chgani va pech yoqishga majbur bo‘lganim ancha vaqtdan beri rejalashtirib, lekin qilmay yurgan ishimni tugatishimga sabab bo‘ldi: hovlimda 20, balki 30 tup meva bor, tarvaqaylab ketgan shoxlarini kesdim.

Chiqindiga o‘xshab turmasligi uchun ularni pechkaga moslab, maydalay boshladim.

- Bularni yoqamizmi, dada?

Qor o‘ynab, sovqotsa isinib yana hovliga chiqqan o‘g‘lim, javobimni ham kutmay ularni uy ichiga tashiy boshladi.

Indallosini aytganda, ortda qolgan shanba kuni hech qachon nolimaslik, yuzaga kelgan har qanday vaziyatdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yana bir “dars” bo‘ldi.

“Menga o‘xshaydiganlar”

Gurillab turgan pechka yonida oilaviy tushlik qilishning gashtini his qilishimga sababchi bo‘lganlarga samimiy rahmat aytdim.

- Dada, “dom”dagilar svet o‘chib qolsa nima qiladi, - so‘radi kichik o‘g‘lim.

- Bilmayman.

- Sovuqda ular pechka o‘rnatolmaydi-ku.

- Bilmasam.

- Pechka qo‘ysayam daraxtlari yo‘q-ku, butab, yoqib, uylarini isitishlari uchun.

- Nima ishim bor, o‘g‘lim, ovqatingni yesangchi?!

- Elektriklar ham sizga o‘xsharkan-da, dada!?

- Nega unaqa deysan?

- Ularniyam boshqalar bilan ishi yo‘q ekan-ku. Bo‘lmasa, “dom”dagilarni “svet”ini o‘chirmasdi-da...

Yo.Marqayev.