Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekilib, uch yil parvarishlanadi

Vazirlar Mahkamasining "Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasi bilan yuridik va jismoniy shaxslarga:

— ruxsatnoma asosida kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish;

— noqonuniy kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida qo‘shimcha 100 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatiladi.

Daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish yuridik va jismoniy shaxslarni daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma berilganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladigan yig‘imni yoki ularni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki ko‘chirib o‘tkazganlik uchun ma’muriy jarimalarni to‘lashdan ozod qilmaydi.

Kompensatsiyaviy ekish joylari qoida tariqasida hududlarda tashkil etilgan “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”, shuningdek, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan boshqa hududlardan tanlanadi.

Shuningdek, tuman va shahar markazlarida arxitektura va landshaft-dizayn talablari asosida shaharga ko‘rk beruvchi manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni tashkil etiladi.