Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi

Shu vaqtga qadar voyaga yetmagan shaxslarni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi ikkinchi qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka va ma’muriy jazo tariqasida bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lar edi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 148-(2)-moddasi ikkinchi qismiga asosan mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash voyaga yetmagan shaxsga nisbatan, xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan edi.

2021 yil 12 fevralda Prezidentimiz tomonidan imzolangan  “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan 51-moddaning ikkinchi qismi chiqarib tashlangan. Shuningdek, mazkur qonunga asosan Jinoyat kodeksining 148-(2)-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasidagi “xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin” degan so‘zlar chiqarib tashlangan.

Demak, endilikda voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilmaydi hamda Jinoyat kodeksining 148-(2)-moddasi ikkinchi qismiga asosan jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi. Bunday jinoiy qilmish uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.

Sh.Xoliqulov,

Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.