Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Eng ulug‘, eng aziz!” an’anaviy tanlovida ishtirok eting!

Aziz ijodkorlar!

Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bo‘limi, viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, viloyat teleradiokompaniyasi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovining viloyat bosqichini e’lon qiladi.

Tanlovga “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!”  degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan Davlat dasturining ma’no-mazmuniga muvofiq yaratilgan ijodiy ishlar qabul qilinadi.

Shuningdek, tanlovga qabul qilingan materiallarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz!” davlat dasturlarining ijrosi, mazmun-mohiyati va targ‘iboti aks etganiga alohida e’tibor qaratiladi.

“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlanadi:

– viloyatdagi yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;

– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari;

– ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari;

– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;

– tasviriy san’at, foto asarlar va dizayn ishlari;

–  san’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari.

 

Har bir nominatsiya bo‘yicha uchtadan o‘rin ajratiladi.

Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lganlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:

– muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;

– muallifning fuqarolik pasporti nusxasi;

– tanlovga tavsiyanoma (ish joyi, mehnat jamoasi, ustozlari nomidan);

– nomzodning manzili va bog‘lanish telefon raqamlari.

Tanlovga 2021 yilning 1 avgustidan 2022 yilning 1 avgustigacha bo‘lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlari, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va televideniye kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san’at ishlari va foto asarlar, kuy-qo‘shiqlar qog‘oz ko‘rinishda hamda CD-diskda 2022 yilning 22 avgustigacha bo‘lgan muddatda qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida aniqlanadi hamda qimmatbaho sovg‘alar va diplom bilan mukofotlanadi.

Taqdim etilgan ijodiy ishlar hay’at a’zolari tomonidan baholab bo‘lingach, mukofotlanganlarni taqdirlash marosimining sanasi va vaqti e’lon qilinadi.

Tanlovda qatnashish uchun taqdim etiladigan namunalar ijodiy uyushmalardan, OAV jamoalaridan, sohalar bo‘yicha nodavlat-notijorat tashkilotlaridan, shuningdek, mustaqil ijodkorlardan elektron hamda bosma shaklda Samarqand shahri, Ulug‘ Tursunov ko‘chasi, 80-uy, viloyat Matbuot uyida qabul qilinadi.

Agar Sizda savol paydo bo‘lsa, 66-233-91-69 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Tashkiliy qo‘mita.