Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yer amnistiyasida hozirgacha qancha fuqaro mulk huquqiga ega bo‘ldi?

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 apreldagi "Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingandi. Mazkur farmon asosida 2018 yil 21 iyunda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, 2019 yil 1 maygacha o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Xo‘sh, mazkur aksiya doirasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoyga mulk huquqini e’tirof etish talablari, rad etish sabablari va natijalar qanday? Shu kabi savollar bilan viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i Sodiq HAKIMOVga murojaat qildik. 

- O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish uchun tuman va shaharlarda komissiyalar tuzilgan, - deya gap boshladi S.Hakimov. - Ular ariza kelib tushgandan so‘ng 3 ish kunida joyiga chiqqan holda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o‘rganib xulosa beradi. 

Mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat komissiya a’zolari o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoy haqiqatda uy-joy qurish uchun maqbul yerda joylashganligi, uning maydoni, sifat tavsiflari, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer ekanligiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ob’yektlarning muhofaza zonalariga kirmasligi, shaharsozlik normalariga mos kelishi, qonunga zid emasligi, inson salomatligiga xavf soluvchi maydonda joylashmaganligi, soliq to‘lovlari, doimiy ro‘yxatda turish manzillari ham o‘rganiladi.

Viloyatimizda 71 mingdan ortiq noqonuniy qurilishlar aniqlangan bo‘lsa, aprel oyining birinchi yarmiga qadar fuqarolardan 56 ming 51 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 8029 tasiga hududiy komissiya tomonidan ijobiy xulosa berilib, kadastr yig‘majildlari tayyorlanib, umrbod egalik qilish huquqi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Viloyat hududlari kesimida o‘rganadigan bo‘lsak, eng ko‘p murojaat Urgut (9109), Oqdaryo (6237) tumanlarida, Samarqand shahrida (5676), Ishtixon (5164), Samarqand (4743), Past Darg‘om (3770)  tumanlarida qayd etilgan. Eng kam murojaat Kattaqo‘rg‘on shahri (1121), Bulung‘ur (1517),  Nurobod va Narpay tumanlari (1414) dan bo‘ldi.

Ko‘rsatkichlari past bo‘lgan tumanlarda noqonuniy qurilmalarning egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha ko‘chmas mulk egasi tomonidan kam sonli murojaatlar bo‘lganligi tufayli mulk huquqi beriladigan xonadonlar ko‘p kuzatilmayapti. Chunki o‘zboshimchalik bilan egallab olingan mulk egasi tomonidan murojaat bo‘lmaganda uning mulki e’tirof etilmaydi. Komissiya ishchi organi murojaat etuvchi bir martalik yig‘im to‘lagandan keyin 2 kunda komissiya raisi dalolatnomasi asosida mulk huquqini e’tirof etish haqida qaror tayyorlab, tuman, shahar hokimiga taqdim etadi.

- O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar bo‘yicha me’yor, chegara belgilanganmi?

- Yer kodeksining 27-moddasida "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi.

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha doirada yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda kim oshdi savdosi asosida realizatsiya qilinadi".

- O‘rganishlar davomida mulk huquqi e’tirof etilganlardan ko‘ra rad etilganlari ko‘proqni tashkil etmoqda. Buning sababi nimada?    

- Hozirgacha viloyatimizda 653 mingta turar va noturar ob’yektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi va 71 mingdan ortiq davlat ro‘yxatiga olinmagan ob’yektlar aniqlanib, hududiy "Yermulkkadastr" davlat korxonasining "Ko‘chmas mulk-3" elektron axborot almashish dasturiga kiritildi.

 O‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’yektlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha qilingan murojaatlarning 8800 ga yaqini nizom talablariga mos kelmaganligi tufayli rad etilgan. 6533 ta murojaat bo‘yicha farmonda belgilangan eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdoridagi to‘lovlar hududiy davlat xizmatlari markaziga to‘lanmagan.

Agarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar aholi punktlarining bosh rejasiga zid ravishda joylashgan bo‘lsa, magistral quvurlar, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr va aloqa liniyalari qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari yaqinida joylashgan binolarga mulk huquqi berilmaydi. Shuningdek, suv muhofaza va sanitariya-himoya zonalarida, aerodromlar, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinidagi imoratlar ham e’tirof etilmaydi. Qonunan qurilishi taqiqlangan tabiiy hududlardagi, boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazsa yoki fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan imoratlarga nisbatan ham mulk huquqi berilmaydi. 

- Ayrim tumanlarda fermer xo‘jaligi tasarrufidagi yerlarni g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan egallab olib, uy-joy qurgan va shu yerda yashayotganlar bor. Aksiya doirasida ularning mulklari e’tirof etiladimi?

- Jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uzluksiz foydalanilayotgan yer uchastkalari boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasa yoki fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa qonun doirasida ko‘rib chiqiladi. Fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan  bo‘lsa, "Yer to‘g‘risida"gi qonun (1990 yil 20 iyun) qabul qilingunga qadar yakka tartibda uy-joy qurish, shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun foydalanilayotgan imoratlar va yer uchastkasiga huquqlarni belgilovchi hujjatlar saqlab qolinmagan taqdirda imorat joylashgan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi beriladi.

Shuningdek, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jalik yuritish uchun foydalanilayotgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga "Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan me’yorlar doirasida egalik huquqi beriladi. 

 O‘ktam XUDOYBERDIYEV

suhbatlashdi.