Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li - Qo‘rg‘on dostonchiligi maktabi namoyandasi

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1868 yilda Qo‘shrabot tumani Qo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek xalq shoiri, dostonchi.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ulkan shoir-dostonchi bo‘lib yetishishida oilasi va qishlog‘idagi boy adabiy muhit katta rol o‘ynagan. Dostonchilik ta’limini otasi Jumanbulbuldan olgan.

Jumanbulbul ota o‘g‘li Ergashning o‘qish-o‘rganishi, bilim olishiga katta e’tibor bergan. 1884—1886 yillarda Buxoro madrasalaridan birida o‘qib, fors tilini o‘rgangan, arab tili bilan tanishgan, husnixat mashq qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil, Mashrab, Mahtumquli asarlarini mutolaa qilgan.

Qishlog‘iga qaytib, mustaqil o‘qish, dostonchilikda mahoratini oshirish bilan shug‘ullangan.

Zamon zayli bilan u 1912—1922 yillarda Bulung‘ur, G‘allaorol, Urgut tumanlari, Jizzax va Panjakent atrofidagi qishloqlarda tabiblik, qissaxonlik, she’rxonlik qilib yurgan, dostonlar kuylagan. 1923 yilda qishlog‘iga qaytgan.1937 yil aprel oxirlarida qishlog‘iga qaytib vafot etgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ijodi, repertuari boy va rang-barang. Shoir «Kuntug‘mish», «Yakka Ahmad», «Alibek bilan Bolibek», «Dalli», «Ravshan», «Qunduz bilan Yulduz», «Xushkeldi», «Xoldorxon», «Qiz Jibek», «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi», «Hasanxon», «Avazxon», «Avazning Farangga safari», «Nurali», «Xiromon» («Jahongir»), «Alpomish», «Yusuf bilan Ahmad», «Tulumbiy», «Qironxon», «Qumri», «Oshiq G‘arib», «Vomiq bilan Uzro», «Varqa bilan Gulshoh», «Maxtumquli» kabi 30 ga yaqin dostonlarni, juda ko‘p termalarni yod bilgan. Bulardan dastlabki 9 ta doston, «Oysuluv» dostonining mazmuni, ko‘pgina an’anaviy va zamonaviy termalar, o‘zidan avval o‘tgan baxshilar va dostonchilik san’ati haqida ma’lumotlar Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining o‘zidan yozib olingan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li xalq dostonlarining barcha janrlaridan namunalar bilgan. Dostonlarning g‘oyaviyligi, xalqchilligi, badiiy go‘zalligi uchun kurashgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li an’anaviy doston va termalarni kuylab kelish bilan birga o‘zi ham barakali ijod qilgan. Uning «Tarjimai hol» dostoni, «Keldim», «Toshkent ta’rifida», «Qizil», «Tursunoy», «Oxunboboyev», «G‘ozi Olim», «Otajon Hoshim», «Shoirlarga rahbar Hodi», «Eshon», «Asov qizlar» kabi termalari e’tiborga molik.