Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkak tikuvchilar – o‘z kasbining mohir ustalari

Tikuvchi deganda dastlab ko‘z o‘ngimizda ayol kishi gavdalanadi. Ammo Payariq tumani Chelak shaharchasida shunday erkak tikuvchilar borki, ular o‘z kasbining mohir ustalaridir.

Komiljon Afanov 27 yildan beri erkaklar kiyimlarini tikish bilan shug‘ullanadi.

- Rahmatli onam do‘ppi tikib sotardi, - deydi K.Afanov. – Xolamlar ham qo‘li gul tikuvchilar edi. Ularga qiziqib, avvalo, o‘zimga, keyin ukalarim va yaqinlarimga shim tikib shu hunarga mehr qo‘yganman.

Keyinchalik yana erkaklar uchun kostyum, ko‘ylak, palto va boshqa kiyimlar tikishni o‘rgandim. Mijozlar nafaqat o‘zimizning tumandan, balki qo‘shni tumanlar, qolaversa olis Urgut va Qo‘shrabotdan ham kelishadi. Bu hunarni tanlaganimdan hech afsuslanmayman. Kimdir kasbim nimaligiga qiziqsa, faxr bilan “tikuvchiman”deb aytaman.

Komil aka ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Ularning 20 dan ortig‘i bugungi kunda shu ish bilan shug‘ullanadi. Shogirdlarning aksariyati ustoz-shogird an’anasini davom ettirib, bugungi kunda yoshlarga ushbu hunarni o‘rgatyapti. Jumladan, Jamshid Muhiddinov ham ustozi Komil Afanovdan o‘rgangan tikuvchilik sir asrorlarini chelaklik yoshlar bilan bo‘lishyapti.

Komil Afanov ham tog‘am, ham ustozim bo‘ladi, - deydi u. – U kishining duolarini olib, o‘zim alohida sex tashkil qildim. Hunarmandlar uyushmasiga a’zo bo‘lib, 3 nafar yoshni shogirdlikka oldim. Kelgusida o‘z “brend”imni yaratmoqchiman. Korxona ochib, yuzlab yoshlarni ish bilan ta’minlash niyatim bor.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV, tasvirchi.