Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkin A’zam: "Hech qanday texnika, texnologiya yordamida insonning tafakkurini boyitib, dunyoqarashini kengaytirib bo‘lmaydi!"

Samarqand davlat universitetida bugungi adabiy jarayon va Samarqand ijodiy muhiti an’analariga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov hamda samarqandlik ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar va universitet talaba yoshlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Samarqand ijodiy muhiti va bu yerda kamol topgan ijodkorlar, ularning mamlakatimiz adabiy jarayonidagi o‘rni va ta’siri, bugun yetishib kelayotgan yoshlar ijodi haqida so‘z yuritildi. Aholining, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

– Bizning eng katta boyligimiz – adabiyotimiz, ijodimiz. Shu orqali xalqimizga xizmat qilamiz, kitobxonlar qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirishga intilamiz, – dedi yozuvchi Erkin A’zam. – Adabiyotning qudrati ham shunda. To‘g‘ri, bugun zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlandi, keng ommalashdi. Axborot olish va tarqatish imkoniyatlari kengaydi, osonlashdi. Ammo hech qanday texnika, texnologiya yordamida insonning tafakkurini boyitib, dunyoqarashini kengaytirib bo‘lmaydi. Bu fikrlash orqali, o‘qish, uqish orqali amalga oshadi. Buni esa adabiyot bajaradi. Kitob u qog‘oz holida bo‘ladimi, elektron shakldami ijod mahsuli, fikrlar, qarashlarning qaymog‘i. Badiiy asar orqali odamlarni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, hech bo‘lmaganda yon-atrofidagi voqea-hodisalardan xulosa qilib, o‘z yo‘lini topishga undash mumkin. Adabiy jarayon shunisi bilan xarakterli, shunisi bilan muhim.

– Samarqand zamini tarixiy ulug‘vorligi va buyuk allomalarga beshik bo‘lgani bilan ijodkorlarga o‘zgacha ilhom bag‘ishlaydi, – dedi shoir Usmon Azim. – Har gal bu yerga kelganimda ko‘nglimda yangi asarlar uchun g‘oyalar tug‘iladi. Keyingi yillarda viloyat yoshlari orasidan adabiyot olamida ildam qadamlar bilan kirib borayotgan yigit-qizlarning ijodini kuzatib, quvonaman. Ularning she’rlaridagi tashbehlar, topilmalar original, kishini o‘ylantiradi, hayratga soladi.

Uchrashuvda Urgutda tug‘ilib o‘sgan va poytaxtda turli mas’ul vazifalarda ishlagan taniqli jurnalist, yozuvchi Mamatqul Hazratqulovning ijodi, keyingi yillarda chop etilgan kitoblari haqida ham so‘z yuritildi. Usmon Azim tomonidan o‘qilgan she’rlar, Erkin A’zam asarlaridan keltirilgan iqtiboslar ishtirokchilarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari X.Bobomurodova, F.Toshev, adabiyotshunos olim H.Umurov va boshqalar elimiz ardog‘idagi ijodkorlarga minnatdorlik bildirdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga mehmonlardan javob oldi.

Poytaxtdan kelgan shoir va yozuvchilar kunning ikkinchi yarmida Jomboy tumani aholisi va yosh ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdi.