Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: «Fidoyilargina mahalla raisi bo‘lib ishlay oladi»

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimligida jamiyat hayotida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 38 nafar yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini topshirish tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqib, barcha mahalla faollarini qutladi, ularning mehnatlari mashaqqatli va mas’uliyatli ekanligini ta’kidladi. Ularga mukofotni tantanali topshirdi.

- Bugun viloyatimizdagi 38 mahalla fuqarolar yig‘inining 38 nafar oqsoqoli va xodimlarini taqdirladik, xolos. Ammo viloyatdagi mavjud mingdan ziyod mahallada ishlayotgan har bir kishi mana shunday e’tirofga, hurmatga loyiq, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Chunki mahallada ishlash osonmas. Bu shu hududda yashayotgan har bir oila, har bir kishining dardini his qilish, muammosini hal etish, yaxshisini ko‘pchilikka targ‘ib qilib, yomonini to‘g‘ri yo‘lga solish degani. Ularga bir kun ishlash uchun 24 soat yetmaydi. Mahallada el tashvishini o‘ylaydigan jonkuyarlar ishlaydi, fidoyilargina rahbar bo‘la oladi.

Shundan so‘ng ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar so‘zga chiqib, berilgan yuksak mukofot ularni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, ijtimoiy ma’naviy muhitni qaror toptirish, oilalar tinchligini ta’minlash, aholi bandligi, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, aholi o‘rtasida milliy urf-odat va qadriyatlarni targ‘ib etish ishlarida yanada shijoat bilan ishlashga da’vat etishini ta’kidladi.

- Mahallamizda 7 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi Jomboy tumani Kattaqishloq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B.Shamsiyeva. - Ko‘ksimda “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni taqilarkan, benihoyat ruhlandim, yuksak g‘urur va iftixor tuyg‘usini his qildim. Bu ko‘krak nishoni mening timsolimda mahalladoshlarim, har bir xonadon ahliga iftixor bag‘ishlaydi. Bugun berilgan mukofot bizni hududimizda obodonlashtirish, jinoyatchilikning oldini olish, to‘ylarni tartibli o‘tkazish va boshqa ezgu vazifalarni yanada mas’uliyat bilan bajarishga undaydi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).