Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov millat ruhini yo‘qotmaslikka da’vat etdi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz yil to‘lishi arafasida o‘z fikrlarini bayon etdi.

“Millat ruhini yo‘qotmaylik” degan sarlavha ostidagi postda quyidagi fikrlar bildirilgan:

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur”, deb yozgan edi.

Necha yillar o‘tsa-da o‘z qadr-qimmati, ahamiyatini yo‘qotmagan bu fikrlar hamma davr va zamonlarda ham dolzarb bo‘lib kelmoqda. Jumladan, bugungi kunda ham.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga yaqinda 30 yil to‘ladi. Sobiq ittifoq hukmronlik qilib turgan bir paytda – 1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi va uning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb belgilab qo‘yilishi mamlakatimiz mustaqilligi sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biri sifatida baholanadi.

Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til hisoblanar ekan, demak, qaysidir yurtda o‘z ona tiliga davlat tili maqomi berilishi uning dunyoga o‘z tili bilan namoyon bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shu ma’noda “Davlat tili haqida”gi qonun mustaqil O‘zbekiston Respublikasining o‘z davlat ramzlari qatori, o‘z davlat tiliga ham egaligini ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatdir. Aynan shu jihati bilan bu qonun boshqa qonunlardan ajralib turadi, ahamiyati kattaroq.

Ammo, tan olishimiz kerak, ushbu qonun ijrosini ta’minlashda haligacha kamchiliklarimiz ko‘p, haligacha uning barcha normalari to‘la ishlashiga erishmayapmiz. Bunga avvalo, barchamizning beparvoligimiz, ona tilimizga bo‘lgan hurmatimiz haminqadar ekanligi sabab bo‘lmoqda.

Masalan, oilada kundalik muloqotimizda boshqa tillardagi so‘zlarni hech ikkilanmay aytamiz. Buni esa o‘zimizni shu holatga o‘rganib qolganimiz bilan izohlaymiz. Lekin, farzandlarimiz-chi, ular ham endi shunga “o‘rganib” qolishi kerakmi?

Ko‘chaga chiqamiz, katta-kichik binolar oldida yozilgan yozuvlarning aksariyati xorijiy tillarda yozilgan. Biror bir yumush, xizmat bilan davlat idoralari, xizmat ko‘rsatish korxonalariga kiramiz va bu joylarda ham ayrim ma’lumotlar boshqa tillarda ekanligini ko‘ramiz. Katta-katta supermarketlarga kiramiz, narxnoma, qo‘lingizga tutqaziladigan chek o‘zga tilda. Lekin hech birimiz nega bu yozuvlar davlat tilida emas, deb so‘ramaymiz.

Vaholanki, qonunga ko‘ra, geografik ob’yektlarning nomlari davlat tilida aks ettiriladi (22-modda). Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi belgilangan (20-modda). Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yo‘riqnomalar, etiketkalar bilan ta’minlanishi ko‘rsatilgan (21-modda).

Har bir yangi ob’yekt ochilayotganganda, xizmat ko‘rsatish majmuasi yoki shoxobcha tashkil etilayotganda bu tartiblar tushuntiriladi. Ming afsuski, ko‘p hollarda tushuntirishlar qog‘ozda qolmoqda.

Buyuk mutaffakir Alisher Navoiyning “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatli so‘zi bor. Biz ham tilga e’tiborsizligimiz bilan elga e’tiborsiz bo‘lishga yo‘l qo‘ymaylik. Milliy tilimizni, buyuk millatimiz ruhini yo‘qotmaylik.