Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov qaysi hollarda matbuotga ishi tushishini aytdi

Samarqandda AQSh Global media agentligining “Korrupsiyaga qarshi surishtiruv va faktcheking” mavzusidagi treningi Samarqand, Navoiy, surxondaryolik jurnalistlar, xalqaro trenerlar ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur trening doirasida ishtirokchilar uchun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga press-tur uyushtirildi. Tadbir doirasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv tashkil etildi.

«Amerika ovozi» jurnalisti, xalqaro trener Navbahor Imomova moderatorlik qilgan uchrashuvda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan hokimga korrupsiyaning oldini olish borasidagi shaxsiy tashabbuslari, ochiqlik siyosati, hokimlik faoliyatidagi murakkab vaziyatlardan tortib, matbuotga murojaati haqida ham savollar tushdi.

Viloyat hokimi savollarga ochiq, samimiy javob berar ekan, birinchi navbatda, ochiqlik siyosatiga yurtimizda alohida e’tibor qaratilayotganining o‘ziyoq korrupsiyaga qarshi kurashning eng asosiy omili ekanligini ta’kidladi.

- Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘z erkinligi, aholi bilan doimiy uchrashuv, sayyor qabullar tufayli bugun biror bir sohadagi qing‘irlikni yashirib bo‘lmaydi, - dedi viloyat hokimi. - Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “endi ortga yo‘l yo‘q, barcha ishlar ochiqlik tamoyili asosida davom ettiriladi”.

Shuningdek, muxbirlarning «Matbuotga ishingiz tushgan paytlar bo‘ladimi?» degan savoliga «Deyarli har kuni», deb javob berdi hokim:

- Matbuot ham jamoatchilik nazoratining bir ko‘rinishi. Noqonuniy qurilishlardan tortib, inson manfaatlari bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni ommaviy axborot vositalariga olib chiqish orqali ularni hal etish imkoni mavjud.

Gulruh MO‘MINOVA.