Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yerni kuchli magnit bo‘ronlari qoplaydi. Uning salbiy ta’siridan qanday himoyalanish kerak?

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bugundan boshlab Yer sayyorasida o‘n to‘rt kunlik magnit bo‘ronlari kuzatilishi mumkin. Bundan esa ob-havoga sezgir insonlar ehtiyot bo‘lishlari lozim.

Xo‘sh, magnit bo‘roni o‘zi nima? Uning salbiy ta’siridan qanday himoyalanish lozim?

Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova javob berdi.

— Yerning magnit maydoni ta’siri odatda insonlarga sezilmaydi, — deydi mutaxassis. — Biroq ba’zan ushbu maydonda ayrim odamlar his etishi mumkin bo‘lgan tebranishlar kuzatiladi. Buning asosiy sababchisi quyoshdir.

Ya’ni odatda uning faolligi kuzatilganda sayyoramizni magnit bo‘ronlari qoplaydi. Bu esa surunkali xastaliklarga chalingan insonlar salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘riyotgan bemorlar bu o‘zgarishlarni ko‘proq his etadi.

Xususan, arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi ko‘tarilib, aksincha gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayadi. Qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning qonida qand miqdori ortadi.

Qolaversa, tananing stresslarga chidamliligi pasayadi. Oqibatda asab tizimi bilan bog‘liq muammosi bor insonlarda gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi.

Shuningdek, magnit bo‘ronlari payti ba’zi odamlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha uyquchanlik paydo bo‘ladi. Shu sababli magnit bo‘ronining salbiy ta’sirlaridan insonlar o‘zlarini himoyalashi lozim.

Buning uchun, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish zarur. Ya’ni hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, xo‘l meva va sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Kunlik taomnomada tuz miqdorini kamaytirish kerak. Chunki u qon bosimini oshiradi. Shu bilan birga, jismoniy mehnatni cheklash, aqliy zo‘riqishlardan tiyilish maqsadga muvofiq.

Qolaversa, shu kunlari spirtli va energetik ichimliklardan mutlaqo voz kechgan ma’qul. Tez-tez iliq dush qabul qilish ham magnit bo‘ronining salbiy ta’sirini yengishga yordam beradi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar o‘zlari bilan kerakli dori-darmonlarni olib yurishlari, har bir preparatni shifokor nazoratida qabul qilishlari va qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.