Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eshik ortidagi zo‘ravonlik 

Ayol shunday zotki, oilasi, farzandlari uchun barchasiga chidashga, sabr qilishga qodir. Ko‘p hollarda eri urgan, qaynonasi tomonidan tazyiqqa uchragan taqdirlar haqida eshitamiz. Ammo oila qo‘rg‘oni bizda shunday mustahkamki, eshik ortidagi zo‘ravonlik tashqariga chiqishi mumkin emas, uyat hisoblanadi. Ayniqsa, chekka hududlarda. Qarashlar, urf-odatlar bunga izn bermaydi. Qanchadan-qancha ayollarimiz jismoniy, ruhiy tazyiqlar ostida yashamoqda. Ularga kim ko‘mak beradi?

Bundan 25 yil oldin “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi gender zo‘ravonlikdan aziyat chekkan yoki qiyin hayot sharoitida bo‘lgan ayollarga yordam qo‘lini cho‘zish maqsadida tashkil etilgan edi. U hayotda qiynalgan ayollar va bolalar uchun ilk “Ishonch markazi”ga aylandi. Bu maskan yuridik maslahatlar berish, psixologik yordam ko‘rsatish, qishloq joylardan kelgan qizlar va ayollarni kasbga o‘qitish, shuningdek, kam ta’minlangan ayollar uchun mikrokredit ajratish bo‘yicha minglab xotin-qizlarga ko‘mak berdi.

- O‘n yil oldin Oqdaryo, Urgut tumanlari va Samarqand shahrida kasbiy mahoratga ega bo‘lish uchun mahalliy rivojlanish markazlari tashkil etildi, - deydi direktor o‘rinbosari Elvira Sodiqova. - Yillar o‘tib, butun respublikada shu kabi markazlar ochila boshladi. O‘tgan yili Buxoro, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yana uchta mahalliy rivojlanish markazi ochildi. O‘tgan yili Samarqand viloyatida ikki mingdan ziyod abituriyent kasb-hunarga o‘qitish kurslarida qatnashdi. Ular orasida kam ta’minlangan ayollar va oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari ham bor.

 Erta turmushdan ro‘shnolik ko‘rmadim

- Men juda erta turmush qurganman, - deydi kasb-hunarga o‘qitish kursi talabasi. – Oila qurgach, ko‘p ham yashamay turmush o‘rtog‘im bilan Rossiyaga ishlash uchun ketdik. Bu orada ikki nafar o‘g‘limiz tug‘ildi. Ularning tarbiyasi bilan buvisi shug‘ullanardi. Chet eldagi hayotga tezda moslashib ketdim, ammo erim yaxshi ishlamasdi.  Kunlarning birida u yurtimizga qaytishga qaror qildi.

Shundan so‘ng oilaviy kelishmovchiliklar boshlandi. Doimiy janjallar, norozilik nihoyat oilamizni barbod qildi. Erim ikkinchi marta uylandi. Bolalarim bilan ko‘chada qoldim. Mahallaga ko‘mak so‘rab borsam,  menga ayollarga yordam beradigan markaz borligini aytishdi va “Sabr” markazi bilan tanishdim. Bu yerda men nafaqat kasb-hunarga o‘qitish kurslarida o‘qidim, balki hayotga bo‘lgan qiziqishim ortdi, kelajakka ishonch bilan qaray boshladim. Hozir markaz yordamida uyimdan chiqmasdan pul ishlayman - qo‘shnilarim uchun manikyur qilaman va tikish uchun buyurtmalar olaman. Biz uchun bu yerda muloqot, yetakchilik va ishbilarmonlik qobiliyatlari hamda bozor iqtisodiyoti asoslari bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Past Darg‘om tumani hokimligiga yashash joyi berish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qildim. Murojaatim inobatga olinib, navbatga qo‘yildim. Umid qilamanki, yaqin yillarda mening orzuim amalga oshadi va o‘zimning uy-joyim bo‘ladi.

Shu vaqtgacha markaz ruhiy zo‘riqishdan qiynalgan yuzlab ayollarga o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarishda, yangidan hayot boshlashga va jamiyatda munosib o‘rniga ega bo‘lishga kuch topishda yordam berdi.

 O‘zbek ayoli urf-odatlar asosida yashashga odatlangan

O‘tgan yili markaz ishonch telefoni- (66) 233-66-66 raqamiga 607 ta qo‘ng‘iroq qilingan. Murojaat qilganlarning asosiy qismi ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik qurbonlari, tushkunlikka tushib qolgan, moddiy qiyinchiliklarga duch kelgan ayollar.

- Har kuni oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollar murojaat qilishadi, - deydi “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi psixologi Zilola Habibova. - Ayollar har doim ham bizga kelish uchun kuch topolmaydi. Chunki bizda gender tengligi va oiladagi zo‘ravonlik haqida indamaslik odat tusiga kirgan. Afsuski, gender tengligi yo‘lida qilinadigan ishlar hali ham yetarli emas, Bizning aholi, ayniqsa, ayollarimizning aksariyati o‘z huquqlarini bilishmaydi, huquqiy savodxonligi yo‘q. Bu achinarli, albatta. Xalqimiz stereotip va urf-odatlar asosida yashashga odatlangan. Bu munosabat va fikrlarni o‘zgartirish uchun qonunlarni maktabdan boshlab qizlar va o‘g‘il bolalarga keng targ‘ib qilish va chuqur o‘qitish kerak.

Markazda kasb-hunarga o‘qitilgandan so‘ng, muhtoj ayollar uch oydan bir yilgacha yillik 2 foiz stavka bilan mikrokredit olish imkoniyatiga ega. Bu imkoniyat ayollarga boshlang‘ich kapitalni olishga va o‘z bizneslarini boshlashlariga yordam bermoqda.

Zamira BALTAYeVA.