Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yetakchi partiyalardan biri - O‘zLiDeP nega logotipini o‘zgartirmoqchi?

Mamlakatimizda keyingi besh yilda barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar siyosiy partiyalardan ham faollikni oshirishni, o‘z faoliyatini bugungi talablar darajasida qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Shu bois O‘zLiDeP xalq bilan bevosita muloqot tamoyilini o‘z faoliyatiga keng joriy etmoqda. Bu tadbirkorlar, fermerlar hamda aholining turli qatlamlari bilan amalga oshirilayotgan doimiy uchrashuvlar, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan omillarni aniqlash va hal qilishga qaratilgan harakatlarda o‘z aksini topmoqda.

Partiya parlamentdagi o‘z fraksiyasi orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham mutlaqo o‘zgacha yondashuvlar joriy etmoqda. Xususan, deputatlar tomonidan kiritilgan tashabbuslar soni o‘tgan chaqiriqning shu davriga nisbatan ikki borabar oshdi, ularning aksariyati aynan bugun aholini o‘ylantirayotgan masalalar yechimiga qaratilgan.

Bundan tashqari, mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari orqali joylarda qonunlar va davlat dasturlari ijrosi ustidan nazorat, sessiyalarga kiritilayotgan masalalar, deputatlik so‘rovlari sonining oshganligida ham faoliyatimizning keskin o‘zgarganligini isbotlab turibdi. Misol uchun, 2015-2016 yil 6 oyi hamda 2020-2021 yil 6 oyi davomida eshituvlar soni 1600 dan 3100 taga, sessiyaga kiritilgan masalalar soni 700 tadan 1800 taga va deputatlik so‘rovlari soni 6 mingdan 21 mingtaga yetdi.

Bir so‘z bilan aytganda, partiyani odamlar dardiga yaqin siyosiy tuzilma sifatida rebrending qilish borasida amalga oshirilgan ishlar bugungi kunga kelib O‘zLiDePga ishonch, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlovchilar soni ortib borayotganida o‘z aksini topmoqda.

Jumladan, keyingi uch yil ichida partiya a’zolari soni 400 mingdan 1 millionga, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 13 ming 500 dan oshdi. Shunday bir davrda O‘zLiDeP partiya rebrendingida yangi bir qadamni amalga oshirishga kirishmoqda. Albatta, partiya rebrendingi, uning o‘zgarayotganligi to‘g‘risida gap ketganda nafaqat g‘oyalar, faoliyat, balki, asosiy ramz (logotip)ga to‘xtalmaslik mumkin emas. Ya’ni, faoliyatdagi o‘zgarishlar timsol bo‘lgan logotipda ham aks etishi zarur.

Keyingi uch oy davomida aholi bilan uchrashuvlar, muloqotlarda ham ushbu masala yuzasidan jamoatchilikning fikri o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, bugungi talablar darajasiga mos ravishda o‘zgarish O‘zLiDePning logotipida ham o‘z aksini topishi kerak. Boshqacha aytganda, partiyaning yangi logotipi O‘zLiDeP islohotlarning yangi bosqichida o‘z oldiga qo‘yayotgan ulkan maqsadlarni o‘zida to‘la aks ettira oladigan bo‘lishi zarur. Toki, butun xalq va xalqaro jamoatchilik ushbu ramzda bugungi O‘zLiDeP o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar aksini ko‘ra olsin.

Masala atrofida bo‘lib o‘tgan munozaralardan keyin tegishli Ishchi guruhini shakllantirish to‘g‘risida fikrlar ko‘rib chiqildi. Ushbu masalani - logotip bo‘yicha partiya a’zolari va aholi vakillari fikrlarini o‘rganish uchun barcha viloyatlarda muhokamalarni tashkil qilish ko‘zda tutildi. Ayni kunlarda partiya viloyat Kengashi 1000 dan ortiq partiya tashkilotlaridan fikr-mulohazalarni jamlamoqda.

Masalaning muhimligi va ahamiyatidan kelib chiqib, uni partiya Siyosiy Kengashining keyingi majlisida ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Ilhom Botirov,

O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari.