Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ever Given konteyner tashuvchi kemasi sayozlikdan chiqarildi

Bir necha kun ilgari “Evergreen” transport kompaniyasining Panama bayrog‘i ostida suzayotgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, O‘rta yer dengizi va Qizil dengiz o‘rtasidagi kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘yganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Salkam 200 ming tonna yuki bo‘lgan bu kema Osiyo va Afrika qit’alarini ikkiga ajratib turgan kanalga ko‘ndalang turib qolib, ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ydi. Shu kungacha uni burishga qilingan barcha urinishlar besamar ketdi.  

29 mart kuni erta tongda konteyner tashuvchi kemaning joyidan qo‘zg‘atishga muvaffaq bo‘lindi, deyiladi Misr suv magistrali boshqarmasi tarqatgan xabarda. Hozirda kema shimol tomonga qarab harakatlanishga hozirlik ko‘rmoqda.

O‘z navbatida Suvaysh kanali ma’muriyatining rahbari Usama Rabianing «The Wall Street Journal» gazetasiga bergan xabariga ko‘ra, “konteyner tashuvchi”ning ma’lum bir qismi sayozlikdan chiqarib olingan. Ayni paytda tortuvchi kemalar bu ulkan kemani o‘nglashga harakat qilmoqda.

U.Rabianing ta’kidlashicha, kemani qutqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun Niderlandiyadan keltirilgan 285 tonnalik Alp guard shatakka oluvchi ulkan kema va qo‘shimcha 17 ta o‘rta hajmdagi buksirlar harakat qilyapti.

Dilmurod To‘xtayev tayyorladi.