Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yevropada pandemiya kuchaymoqda. Joriy etilayotgan cheklovlar bizni ham ogohlikka chorlashi kerak!

Pandemiya xavfi haqida so‘z ochishimiz bejiz emas. Chunki bu borada dunyoda vaziyat yana murakkablashmoqda. Kasallik ortga chekinish o‘rniga, ayrim mamlakatlarda qayta avj olyapti. Ayniqsa, Yevropada ahvol yomon.

Masalan, Avstriyada bugundan umummilliy lokdaun amalga kirdi. U 20 kungacha davom etishi belgilangan. Bu vaqt mobaynida barcha ommaviy va madaniy tadbirlar bekor qilinadi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari va madaniyat maskanlari, aksariyat savdo nuqtalari, ta’lim muassasalari yopiladi.

Cheklovlar emlanmaganlar uchun, ayniqsa, qat’iy. Ularning oziq-ovqat do‘koni, dorixona, shifokor ko‘rigi kabi eng muhim ehtiyojlardan boshqa maqsadlar uchun ko‘chaga chiqishi taqiqlangan. Hozir mamlakatda vaksina olmagan 2 million kishi shunday choralar sharoitida yashashga majbur.

Germaniyada ham COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashib borayotgani tufayli emlanmagan aholi qatlami uchun karantin choralari kuchaytirildi. O‘tgan haftada bu yerda kuniga 60 mingga yaqin kasallanish holatlari aniqlanib, pandemiya boshlangandan beri eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgandi.

Yangi cheklovlarga ko‘ra, agar mamlakat ma’muriy hududlarida COVID-19 tufayli kasalxonalarga yotqizish holati har 100 ming aholiga nisbatan 6 taga yetsa, emlangan va koronavirusdan tuzalgan fuqarolar ham ommaviy tadbirlarga tashrif buyurish uchun majburiy ravishda test topshiradi.

Ko‘rsatkichlar 9 taga yetgach ijtimoiy aloqalar bo‘yicha ham cheklovlar joriy etiladi. Bundan tashqari, Germaniyada 18 yoshdan oshgan aholiga buster dozani qo‘llash tavsiya qilinmoqda.

Buyuk Britaniyada ham bugundan barcha bochqichda to‘liq emlangan 40 yoshdan oshgan fuqarolar koronavirusga qarshi vaksinaning buster dozasini olish huquqiga ega bo‘ldi.

Slovakiya 22 noyabrdan koronavirusga qarshi emlanmagan fuqarolar uchun lokdaun joriy etgan yana bir mamlakat bo‘ldi. Bunday aholi qatlami kafe va restoranlar, savdo markazlari, ommaviy va sport tadbirlariga bora olmaydi.

Chunki Slovakiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida emlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng quyi pog‘onada turibdi — 45 foiz. Ayni sababdan so‘nggi sutkada bu yerda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari rekord daraja – qariyb 9,6 mingga yetgan.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyodagi murakkab epedimik vaziyatni hisobga olib, yurtdoshlarimizni karantin qoidalariga qat’iy rioya etishga, xotirjamlikka berilmay, o‘z vaqtida vaksina olishga chaqiradi.