Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yevropada toshqin tufayli qurbonlar soni ko‘paymoqda

Germaniyada kuchli toshqin qurbonlari soni tobora o‘sib bormoqda. Ularning soni 60 ga yetdi. Izsiz yo‘qolganlar ming nafardan ziyod.

Stixiyaning asosiy zarbasi mamlakatning g‘arbiy qismiga - Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Reynland-Pfals yerlariga tushdi. Kuchli yomg‘ir Reyn irmoqlari va boshqa mayda daryolarni qirg‘og‘idan chiqarib, atrofdagi aholi punktlarini suv bosdi.

Qutqaruvchilar Arvayler rayonidagi Shuld qishlog‘ining bir necha o‘nlab aholisini qidirmoqda. U yerda suv bosimiga dosh berolmagan uylar quladi.

Toshqin va ko‘chkilar tufayli bir qator aholi punktlari tashqi dunyodan uzilib qolgan.

"Bu falokat. Men 50 yillik tajribaga ega o‘t o‘chiruvchiman. Bunaqasini hali ko‘rmaganman", deydi qutqaruvchi.

"Biz yuqori qavatda boshpana topdik. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Biron narsa qilish, qidirish yoki saqlab qolishga ulgurmadik", deydi mahalliy fuqaro.

So‘nggi 24 soat ichida Belgiyada oylik me’yordan ko‘proq yog‘ingarchilik tushdi. Vallon mintaqasi toshqinlardan katta zarar ko‘rdi. Halok bo‘lganlar 11 kishiga yetdi. O‘nlab yo‘qolganlar bor. Myoz daryosidagi suv darajasi kritik darajaga yetdi. Leja hukumati qirg‘oq yaqinida yashovchi shahar aholisini shoshilinch ravishda uylarini tark etib, tepaliklarga chiqishga chaqirdi.

"Men munitsipalitetdan g‘azabdaman. Drenajlar tozalanmagan, o‘t o‘chiruvchi va qutqaruvchilar o‘z vaqtida yetib kelmayapti. U yerda ko‘p odamlar uylarida qamalib qolishgan. Qariyalar uchun bitta qayiq ham jo‘natilmadi", deya shikoyat qiladi ayol.

Tabiiy ofat Chexiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiyani qamrab oldi. Ko‘pgina olimlar mintaqadagi yog‘ingarchilikning rekord miqdorini global isish bilan bog‘lashmoqda. Zarar miqdorini baholash oldinda, ammo bu Yevropadagi so‘nggi 20 yil ichidagi eng halokatli toshqin ekanligi aniq.