Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ezgu tashabbus: koronavirusga qarshi ma’rifat bilan kurashiladi

Dunyodagi bugungi vaziyat har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimizni taqozo etmoqda. Binobarin, karantin talablariga rioya qilgan holda, ijtimoiy-iqtisodiy faol hayotni davom ettirish har doimgidan ham muhimdir.

Prezidentimiz deyarli barcha chiqishida mazkur tamoyillar dolzarb ekanligini alohida ta’kidlab kelmoqda. Xususan, yaqinda aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida «Afsuski, bu baloning oxiri ko‘rinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qo‘shnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Xavf yonimizda yuribdi. Shuning uchun ogoh bo‘lishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan bo‘lsak, shu tartibni tiklaymiz. Xudo ko‘rsatmasin, shuncha qilgan harakatimiz bekorga ketishi mumkin. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan juda katta marralar qo‘yganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz», deya bejizga alohida aytib o‘tmadi.

Unda joriy yil boshida kuniga o‘rtacha 30-40 nafar koronavirusni yuqtirib olgan bemor aniqlangan bo‘lsa, mart oyi oxirlarida ushbu ko‘rsatkich – 160-190 nafarni tashkil etgani, hatto o‘lim holatlari kuzatilayotgani ham qayd etildi. Nega bunday bo‘lyapti?

Sir emas, ko‘pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish, sanitariya qoidalariga amal qilish kabi karantinning eng muhim talablariga befarq bo‘lib qolgani buning asosiy sababi sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Darhaqiqat, loqaydlik eng xavfli dushmandir.

Xo‘sh, ana shu illatni qanday qilib yo‘qotish mumkin? Koronavirusga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li bormi?

Javob aniq: bilim, jismoniy madaniyat va profilaktika tadbirlari har qanday kasallikni yengib o‘tishdagi qudratli quroldir. Turmush tarzimizda aynan shu tushunchalar hamohanglik kasb etsa, nur ustiga nurdir. Zero, bu aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda yuksaltirish, sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Pirovardida kovid degan baloning ham o‘z-o‘zidan ildizi qirqiladi.

Bu borada jamiyatda targ‘ibot tadbirlarini yangicha va interfaol shakllarda olib borish, mazkur jarayonlarda, eng avvalo, ma’rifatga, bilimga suyanish ko‘zlangan natijalarga erishish imkoniyatlarini keskin oshiradi.

Mamlakatimiz ziyolilari ushbu dolzarb masalaga befarq emasliklari, bu borada o‘z g‘oyalari va amaliy harakatlari bilan bevosita ishtirok etib kelayotgani barchamizni quvontiradi.

Samarqand davlat universiteti jamoasi yaqinda ana shunday ezgu tashabbus bilan chiqdi. Yaxshi gapning qanoti bor, deganlaridek, mazkur taklif viloyat hokimligi va oliy o‘quv yurtlari, xususan, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

U qanday tashabbus dersiz?

Gap shundaki, akademik, SamDU professori Bakridin Zaripov tomonidan viloyatdagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida koronavirus pandemiyasi hamda uning oqibatlarini bartaraf etish mavzusida «Bilimdonlar va zukkolar» bellashuvini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Bu g‘oya universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan qizg‘in kutib olinib, viloyat bo‘yicha tezda amalga oshirishga kelishib olindi. Unga ko‘ra, bellashuv SamDU professor-o‘qituvchilari rahbarligida dastlab Qo‘shrabot tumanida maktablararo o‘tkazilishi belgilandi.

— Aholi, ayniqsa, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod, xususan, o‘quvchi va talabalar o‘rtasida koronavirus biologiyasi, pandemiya hamda uning xavfi, jamiyat hayoti, mamlakat iqtisodiyotiga yetkazadigan salbiy ta’siri haqida tushunchalarni qancha erta singdirsak, shuncha yaxshi, — deydi akademik B.Zaripov. — Masalaning muhim tomoni shundaki, maktab va oliy o‘quv yurtlari dasturlarida viruslar haqida alohida mavzular kiritilib, o‘rganib kelinmoqda. Shu ma’noda, koronavirus pandemiyasi va uning oldini olish haqida intellektual o‘yinlar va madaniy tadbirlar o‘tkazsak, ham o‘quvchilarning bilimini oshiramiz, ham targ‘ibot-profilaktika tadbirlariga munosib hissa qo‘shamiz, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi chora-tadbirlar samaradorligi oshishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, «tojdor yov»ga qarshi kurashish qaratilgan ijtimoiy hamjihatlik ham kuchayadi.

Quvonarlisi, maktablar va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida «Bilimdonlar va zukkolar» bellashuvi o‘tkazilishini nafaqat hamkasblarimiz, balki viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, tadbirkorlar, klasterlar ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgani bizni yanada ruhlantirdi, qo‘shimcha rag‘bat berdi. Mamlakatning buguni va kelajagi uchun befarq bo‘lmagan bunday insonlar borligidan faxrlanamiz.

SamDU rektori, professor R.Xolmurodovning ta’kidlashicha, «Bilimdonlar va zukkolar» bellashuvining o‘tkazilishi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonda voyaga yetayotgan yigit-qizlarning bilim-saviyasini oshirish, ularning tafakkur olamini boyitish, pirovard-maqsad uchinchi Renessansga mustahkam poydevor yaratish va aholi salomatligini saqlashga xizmat qilishi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. 

Shu o‘rinda o‘g‘il-qizlar o‘rtasida pandemiya davrida o‘qish, yashash ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mazkur ma’rifiy musobaqa g‘oliblari yakunda pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishini ham aytib o‘tish joiz.

Bu yerda gap sovrinda emas, balki yoshlarning tibbiy-biologik bilimini oshirish, ularning ongiga hozirgi murakkab davrda sog‘lom aql bilan olg‘a intilish koronavirusni yengishning eng qudratli vositasi ekanligini yanada chuqur singdirishdir. Zora, ayrim yoshi kattalar o‘quvchilardan, ba’zi ota-onalar farzandlaridan o‘rnak olib, tibbiy niqob taqmaslik, ijtimoiy masofani saqlamaslik, antiseptik vositalardan foydalanmaslik kabi odatlaridan voz kechishsa, ko‘zlangan maqsadga erishgan bo‘lamiz, albatta.

Zero, bunday usul dunyodagi eng ilg‘or davlatlardan biri Singapurda o‘zining ijobiy samaralarini bergan. Mamlakatni har tomonlama obod qilgan rahbar — Li Kuan Yu ta’kidlaganidek, «Odamlardagi ko‘kalamzorlashtirishga nisbatan e’tiborsizlikni yo‘qotish uchun maktablarda bolalarni o‘simliklar haqida g‘amxo‘rlik qilish va bog‘larni parvarishlashga o‘rgatdik. Ular esa o‘z tajribasini ota-onalariga yetkazishdi».

Koronavirus pandemiyasini yengishga qaratilgan Samarqand tashabbusi ham keng quloch yoyib, mamlakat bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz. Bu esa aholining, ayniqsa, yoshlarning bilim-ko‘nikmalarini oshirishga, «tojdor virus» tarqalishi to‘liq jilovlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga ishonchimiz komildir.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, «Koronavirus pandemiyasining oldini olish» mavzusidagi «Bilimdonlar va zukkolar» bellashuvining yakuniy bosqichi Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetida may oyining ikkinchi yarmida o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.