Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farmonqulda hozircha maktab qurilmaydi. Chunki qishloqqa yaqin masofalarda bir emas, ikkita maktab bor

Kecha telegram kanalimizda “Kattasaydovliklar nimadan norozi?” sarlavhasi ostida Payariq tumanidagi Farmonqul qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqarolarning murojaatini e’lon qilgandik. Unda ushbu Kattasaydov mahallasi ahli maktab va bog‘cha yo‘qligidan norozilik bildirgan.

Tahririyatimizga Payariq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Rashidov tomonidan quyidagi munosabat bildirildi:

“Ushbu murojaat tuman xalq ta’limi, qurilish bo‘limlari vakillari  hamda 56-, 63-umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.

Farmonqul qishlog‘idan 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qatnab o‘qiydigan I-XI sinf o‘quvchilari 263 nafarni tashkil etadi. Mazkur maktab Sarbozor MFY, O‘rtasaydov qishlog‘ida joylashgan. 1987 yilda 784 o‘rinli zamonaviy maktab binosi qurilgan. 899 nafar o‘quvchilar 1.1 navbatlilikda ta’lim olishadi. Ushbu maktab binolarini mukammal ta’mirlash ishlari 2020 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Maktabdan Farmonqul qishlog‘i markazigacha bo‘lgan masofa 1,5 kilometrni, qishloqning oxirigacha 2,5 kilometrni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Farmonqul qishlog‘i bilan birlashib ketgan O‘ymovut MFY, O‘ymovut qishlog‘ida 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham mavjud. Farmonqul qishlog‘idan ushbu maktabga qatnab o‘qiydigan I-XI sinf o‘quvchilari 16 nafarni tashkil etadi. Mazkur maktab 2014 yilda kapital rekonstruksiya qilinib, 140 o‘rinli yangi binoga ega bo‘lgan. 1991 yilda qurilgan 40 o‘rinli moslashtirilgan binosi ham bor. Maktabda 305 nafar o‘quvchilar 1.7 navbatlilikda ta’lim olishadi. 2021 yilda kapital rekonstruksiya qilish taklifi berilgan. 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan Farmonqul qishlog‘i markazigacha bo‘lgan masofa 1,5 kilometrni, qishloqning oxirgi nuqtasigacha 2 kilometrni tashkil etadi.

Yuqoridagi ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan fuqaro X.Haqberdiyev va boshqalarga maktab o‘quvchilari o‘zlariga qulay bo‘lgan 56-, 63-maktablarda o‘qishlari mumkinligi va maktablarning qishloq bilan masofasi uzoq emasligi tushuntirildi.

***

Ma’lumotnomaga Sarbozor, Kattasaydov, O‘ymovut mahallalari hamda O‘rtasaydov, Farmonqul, O‘ymovut qishlog‘i xaritasi ilova qilinadi.

Payariq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Rashidov”.