Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farzandlarga qiziq-qiziq kitoblar o‘qib bering, hikoyalar ayting

Bugun koronavirus tufayli dunyo ahli, jumladan, xalqimiz ham sinovli kunlarni boshdan kechiryapti. Mavjud holat har birimizdan loqaydlik va befarqlikni chetga surib, ogoh va ehtiyotkor bo‘lishni, hamjihatlikni talab etmoqda.

Ayni sinovli damlarda Prezidentimiz boshchiligida davlat va hukumat rahbarlarining xalqparvarligi, insonparvarligi namoyon bo‘layotir. Bu ofatni vahimaga berilmasdan, sergak va hamjihat bo‘lib, talafotlarsiz o‘tkazib yuborish uchun yetarlicha kuch va mablag‘lar safarbar etilmoqda. Vatanimiz chin ma’noda ona bo‘lib, o‘z xalqini himoya qilmoqda. Ushbu jarayonga ortiqcha ta’rif bermasak-da, barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Ayni paytda, karantin e’lon qilinishi munosabati bilan avvalo, ta’lim muassasalaridagi talaba va o‘quvchi-yoshlarga ta’til berilgani xalqimizning naqadar bolajonligini yana bir bor namoyon etdi. Uzaytirilgan ta’til kunlarida ularning bilim olishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida onlayn maktab faoliyati jadal yo‘lga qo‘yildi. Fidoyi va jonkuyar ustozlarning onlayn dars mashg‘ulotlarini tasvirga olishda faol qatnashib, fan o‘qituvchilarining telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘quvchisining bilim olishi, o‘z ustida mustaqil ishlashiga undab turgani e’tiborga molik.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun nafaqat bolalarimizga, balki, xalqimizga har tomonlama cheksiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Ammo bunday sa’y-harakatlarga beparvo bo‘lish, o‘zimizni-o‘zimiz, atrofdagilarimizni asrashga befarq bo‘lishimiz insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Farzandlarimizning ta’til deb, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida, jamoat transportlarida va do‘konlarda yurishi davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikka xiyonatdir. Ularning o‘yinqaroqlik qilib, qo‘ni-qo‘shnilarning farzandlari bilan o‘ynab yurishi bunday xavfli yuqumli kasallikning oldini olmaydi. Shu bois avvalo, ota-onalar, mahalla faollari, ziyolilar ko‘z-quloq bo‘lib, bolalarni uyda, toza-ozodalikka rioya qilgan holda, mutaxassislarning tavsiyalariga quloq tutishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Ota-onalar farzanlarining mustaqil dars tayyorlashini nazorat qilib, bunga sharoit yaratib berishsa, bobolar va momolar nabiralarga qiziq-qiziq kitoblar o‘qib berishsa, hikoyalar aytib berishsa, ta’tilning maroqli va foydali o‘tishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lardi.

Ushbu xolisona aytgan fikrlarimizni, da’vatimizni viloyat xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan barcha xodimlar, o‘qituvchilar imkon qadar ota-onalarga yetkazishsa, bolalar taqdiriga befarq bo‘lishmasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Axir sizu bizning baxtimiz ham, halovatimiz ham, ta’bir joiz bo‘lsa, eng katta bayramimiz ham farzandlarimizning salomatligi.

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.