Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Faxriy va yosh sambochilar hokim sovrini uchun bellashdi

Past Darg‘om tumanida faxriylar hamda 2005-2007 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida sambo bo‘yicha tuman hokimi sovrini uchun musobaqa tashkil etildi.

Musobaqa avvalida Samarqand viloyat IIB boshlig‘i A.Toshpo‘latov, Past Darg‘om tumani hokimi Sh.Xudoyberdiyev yurtimizda sport sohasida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, keng imkoniyatlar, shuningdek, sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki mardlik, bag‘rikenglik hamda ma’naviyatni ham yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Musobaqada Past Darg‘om tuman yoshlaridan tashqari, Samarqand olimpiya zaxiralari maktab-internati o‘quvchilari, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani, Kattaqo‘rg‘on tumanidan kelgan o‘smirlardan iborat mehmon jamoalar ham o‘z kuchlarini sinab ko‘rishdi.

Dastlab faxriylar o‘rtasida bellashuvlar boshlandi. Unda  Xayriddin Bobonazarov 1-o‘rinni, Botir Tayinov 2-o‘rinni, O‘rol Elmanov 3-o‘rinni egalladi.   

O‘smirlar o‘rtasida kechgan bellashuvda 29 kilogramm vaznda pastdarg‘omlik Fayoz Ergashev, 32 kilogramm vazn toifasida To‘raxon Jo‘rayev, 35 kilogramm vaznda buxorolik Ruslan Turg‘unov, 38 kilogramm vaznda  Shohjahon Narzullayev, 42 kilogramm vazn toifasida Shohjahon Ulug‘murodov, 42 (+) kilogramm vaznda  kattaqo‘rg‘onlik Islom Murodov g‘olib bo‘ldi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan 1, 2, 3-darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alar hamda musobaqa g‘oliblariga 300 ming so‘m, 2-o‘rin sohiblariga 200 ming so‘m, 3-o‘rinni egallagan sambochilarga 100 ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.