Fermerlar ogohlantirildi
Viloyatimizda 2026 yil hosili uchun 83 ming 913 gektar sug‘oriladigan maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda. Bugungi kunga kelib mavjud g‘alla maydonlarining 71 ming 442 gektari (85 foizi) tuplash, 12 ming 471 gektari (15 foizi) naychalash fazasida rivojlanmoqda.
Ayni paytda g‘alla yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash orqali ilg‘or agrotexnologiyalarni keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, g‘alla maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi birinchi oziqlantirish, mahalliy o‘g‘it chiqarish, “sharbat” usulida sug‘orish, shuningdek begona o‘tlarga qarshi kurashish ishlari g‘alla hosildorligini oshirishga qaratilgan holda olib borilmoqda.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, g‘alla maydonlarida asosiy agrotexnik tadbirlardan biri sifatida har gektar maydonga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) kiritish hamda “sharbat” usulida sug‘orish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha hududlarda zarur ishlarga kirishilgan.
Mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan doimiy nazoratga olingan. Jumladan, mutaxassislar tomonidan g‘alla maydonlarida monitoring tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida amalga oshirish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va soha mas’ullariga tegishli ko‘rsatma hamda ogohlantirishlar berib borilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan ushbu muhim agrotexnik tadbirlarga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani ham kuzatilmoqda. O‘tkazilgan monitoringlar davomida 3138 fermer xo‘jaligining 12 ming 35 gektar g‘alla maydonida turli kamchiliklar aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimliklarga 46 ta taqdimnoma, 25 ta ko‘rsatma, shuningdek soha mas’ullari hamda fermer xo‘jaliklariga 25 ta ogohlantirish berildi.
Shaxriddin Butunov,
Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi