Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Festival ishtirokchilaridan ilk fikrlar

Randa Hamid, “SAMA” musiqa festivali direktori (Sudan):

- Tarixga qiziqaman. Jumladan, O‘zbekiston tarixini ham o‘rganishga harakat qilyapman. Qariyb 3 ming yillik ko‘hna shahar - Samarqandda bo‘lish ko‘p yillik orzuim edi. Bu tarixiy kentda o‘tkazilayotgan nufuzli musiqa festivali shaharga keluvchi sayyohlar sonini ko‘paytirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta. Internet sahifalari orqaligina taniganim qadim Samarqandning tarixiy, me’moriy yodgorliklarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, tomosha qilish ishtiyoqi menga tinchlik bermayapti.

Sun Heye Sung (Janubiy Koreya):

- Shifokor bo‘lganim uchun Abu Ali ibn Sinoning asarlarini ko‘p o‘qiganman. U musiqa inson ruhiyatini davolovchi vosita ekanligi xususida qimmatli fikrlarni ilgari surgan. O‘ylaymanki, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ijro etiladigan kuy-qo‘shiqlar ajdodingizning ana shu fikrlarini isbotlaydi.

O‘zbekistonga birinchi bor kelishim. Koreyadan kelgan hamrohlarimning aksariyati bu zaminda bo‘lishgan, taassurotlarini men bilan o‘rtoqlashgan. Avvalgi festivallarda ijro qilingan kuy-qo‘shiqlarni takror-takror tinglaganman. Dunyo ahlini rom etib kelayotgan muazzam Registon maydonida turib turli millat va elatlarning noyob musiqiy asarlarini bevosita eshitish baxtiga muyassar bo‘layotganimdan mamnunman.