Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Festival tanlovi bugun yakunlanadi. G‘oliblar nomi 30 avgust kuni e’lon qilinadi va taqdirlanadi

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari tanlov dasturi asosida 29 avgust kuni Registon maydonida chiqishlarini davom ettirdi.

Bugungi dasturni Germaniya, Gretsiya va Suriya davlatlari vakillaridan iborat “Ugarit band” jamoasi boshlab berdi.

– Bizning jamoamiz uch davlat vakillaridan iborat, ya’ni uch kishi suriyalik, ikki kishi Germaniyadan va bir kishi Gretsiyadan, – deydi jamoa a’zosi Xisham Xamro. – Birinchi notalarni Suriyaning Ugarit shahrida topganimiz uchun jamoamizga shu joy bilan bog‘liq nom tanlaganmiz. Ammo keyinchalik Suriyada notinch vaziyat yuzaga kelgach, Germaniyada o‘qib, ham ijodimizni davom ettirayapmiz. Turli davlatlardan bo‘lganimiz uchun uch xalq milliy musiqalarini uyg‘unlashtirgan ohanglar yaratamiz. Festivalga ham ana shunday kompozitsiyalarni tayyorlab kelgan edik va u tomoshabinlarga manzur bo‘ldi, deb o‘ylayman. Biz ushbu festivalda qatnashganimiz, turli millatlarning, jumladan, o‘zbek xalq milliy kuy-qo‘shiqlari bilan tanishganimizdan xursandmiz. Bu madaniyatni, san’atni asrab-avaylash kerak.

Qirg‘istonlik aka-uka Elomon va Aybek Qanibekovlardan tarkib topgan “Qomuzchilar” dueti qirg‘iz xalqining qomuz milliy cholg‘u asbobida qadimiy xalq kuylarini ijro etdi.

– Biz ushbu festivalda birinchi marta ishtirok etayapmiz, lekin avvalgi yillarda Qirg‘izistondan ham jamoalar qatnashgan, – deydi Elomon Qanibekov. – G‘oliblikni egallagan jamoalar ham bo‘lgan. Shuning uchun biz festivalga alohida tayyorgarlik ko‘rib keldik. Samarqandga birinchi marta kelayotgan bo‘lsak-da o‘zimizni begona his qilmadik. O‘z uyimizda kuylagandek, musiqalarni ijro etdik. Registon maydoni, bu yerdagi sahna bizga juda yoqdi.

Shuningdek, bugungi dasturdan Ispaniya, Rossiya, Estoniya, Vengriya, Pokiston, Misr, Eron davlatlari vakillarining ham chiqishlari o‘rin olgan. Tanlovni esa yurtimiz vakillari yakunlab berishadi.

Ertaga – 30 avgust kuni uch kunlik tanlov yakunlari sarhisob qilinadi va kechki payt Registon maydonida “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali g‘oliblari nomi e’lon qilinib, ularni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.