Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fotosuratlarni tarqatish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan shaxs ushlandi

22 yanvar kuni Samarqand shahar IIB boshlig‘i nomiga shahardagi "Yoshlar" mahallasida yashovchi R.M. ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada 2019 yilning dekabr oyidan 2021 yilning avgust oyiga qadar A.Sh. u bilan yaqin munosabatda bo‘lib yurganligini, ular o‘rtalarida munosabatlari buzilganidan so‘ng A.Sh. uning sir bo‘lib qolishni istagan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uydagilariga olib borib ko‘rsatish bilan qo‘rqitib, ushbu fotosuratlarini oshkor qilmaslik evaziga 450 AQSh dollari talab qilib kelayotganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.Sh. Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida joylashgan “Buyuk humo” restorani yonida fuqaro R.M.dan talab qilingan 450 AQSh dollaridan maxsus kimyoviy ishlov berilgan 250 AQSh dollari va 500.000 so‘m pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi iyergov bo‘limi tomonidan A.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Sh. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Tergov jarayonida A.Sh. Rossiya Federatsiyasiga ketish uchun pul zarur bo‘lib qolganligi sababli ushbu jinoyatga qo‘l urganligini ma’lum qilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.