Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fuqarolar yig‘inlari xodimlari vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilinmaydi

Bu viloyat hokimi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan bayonda belgilangan.

Ya’ni, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimliklari, hududiy boshqaruv organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash ta’qiqlanishi yuzasidan belgilangan tartibga qat’iy amal qilishi lozim.

Bayonga asosan muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar ko‘p kuzatilayotgan mahallalar faoliyati o‘rganilib, ularning yuzaga kelishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlar tahlil qilinadi, natijalarni har haftada fuqarolar yig‘inlarida, har oyda tuman (shahar) hamda har chorakda viloyatda muhokama qilish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, bayonda tuman (shahar) hokimlari, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi (B.Nasriyev)ga bir hafta muddatda maktab binolarida joylashgan fuqarolar yig‘inlarini boshqa binolarga ko‘chirish, shuningdek ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan jihozlash choralarini ko‘rish;

ikki oy muddatda tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasi holatini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazgan holda, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda mahalla tizimi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish vazifalari topshirilgan.

Bundan tashqari, bayonda qayd etilishicha, tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari joriy yilning 1 noyabriga qadar “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi doirasida mahallalarda futbol maydonchalari qurilishini tashkil etishi kerak.

Bayonda shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini jonlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan boshqa zarur chora-tadbirlar belgilangan.