Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Futbol: “Dinamo” yana g‘alabaga erishdi

Bugun Samarqandning “Dinamo” jamoasi Proliganing 3-turida Qoraqalpog‘istonning “Aral samali” jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi. 

Birinchi bo‘limning 7-daqiqasida burchak to‘pi bilan boshlangan kombinatsiyani "Dinamo" futbolchisi Oleg Marchuk gol bilan yakunlagan bo‘lsa, 11-daqiqada “Aral samali” vakili Naurizbek Alimovning jarimadan yo‘llagan zarbasi hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi.

O‘yinning 33-daqiqasiga kelib, “Dinamo”ning ukrainalik yarimhimoyachisi Oleg Marchuk dublga erishib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi - 2:1. 38-daqiqada “Dinamo”ning yana bir futbolchisi Timur Usmonov hisobni 3:1 ko‘rinishga keltirdi.

Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida “Aral samali” jamoasi futbolchisi Amir Abdiraziyev hisobni qisqartirdi - 3:2. 

O‘yinda boshqa gol urilmadi va “Dinamo” jamoasi Proliganing 3-turida ochkolari sonini to‘qqiztaga yetkazib oldi.

***

Baydarka va kanoeda eshkak eshish

Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha olimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Olimpiya cho‘qqilari” O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Chempionatda respublikamizdagi 8 ta olimpiya zaxiralari kollejlarining 100 nafardan ortiq sportchilari bellashdi.

Murosasiz kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Toshkent viloyatining Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi qo‘lga kiritdi. Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji eshkakchilari ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Guliston olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

*** 

Chim ustida xokkey

Samarqand shahrida chim ustida xokkey bo‘yicha 2001-2005 yillarda tug‘ilgan 300 nafardan ortiq o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, bellashuvda viloyatimiz sportchilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahsda Andijon va Xorazm viloyati jamoasi ikkinchi va uchinchi o‘ringa ega chiqdi. Qiz bolalar o‘rtasida esa Xorazm ikkinchi, Namangan viloyati esa jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

*** 

Sambo 

Samarqand shahridagi sport yakka kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida sambo bo‘yicha viloyat ochiq chempionati o‘tkazildi.

180 nafardan ortiq sportchi bellashuvgan musobaqada viloyatimizdan tashqari, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatidan ham sambochilar qatnashdi.

Shiddatli kechgan musobaqa yakunida samarqandlik sambochilar kuchli ekanliklarini ko‘rsatib, shohshupaning yuqorisidan joy oldi. Medal jamg‘arish bo‘yicha qashqadaryoliklar ikkinchi, buxoroliklar uchinchi o‘rinni qulga kiritdi.  

*** 

Taekvondo VTF

Toyloq tumanida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida taekvondo VTF bo‘yicha viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.

Unda 2004-2006 va 2007-2009 yillarda tug‘ilgan 200 nafarga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun bellashdi. Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Samarqand shahridagi sport yakka kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand shahar 2-son BO‘SM hamda uchinchi o‘rinni Toyloq tumani BO‘SM jamoasi qo‘lga kiritdi.

  *** 

Bodibilding, fitnes va mas-restling

Samarqand shahrida bodibilding, fitnes va mas-restling bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq chempionati tashkil etildi.

Unda respublikamizning barcha viloyat va Qoraqalpog‘istondan kelgan sportchilar kuch sinashdi. Chempionat yakunida medal jamg‘arish bo‘yicha toshkentliklarning qo‘li baland keldi. Viloyatimiz sportchilari ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qashqadaryoliklar uchinchi o‘rinni egalladi.

Husan Eltoyev.