Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gallyusinatsiyalarni suratga tushirgan olim kim bo‘lgan – dahomi yoki telba?

Iste’dod va telbalik. Ushbu ikki xususiyat orasidagi tafovut qanchalik chuqur ekan. Biror kishi inson idrokining salobati yoki faqirligi o‘rtasidagi chegarani belgilay olarmikan va shu chegaraning o‘zi bormikan?

Ushbu maqolada muhokama qilinadigan insonni ba’zilar shunchaki, aqldan ozgan olim sifatida ko‘rishadi. Boshqalar esa uni o‘z davrining buyuk dahosi deb biladi. Siz masalaning qaysi nuqtai nazarini tanlasangiz, bu dunyoda hamma narsa nisbiy ekanligi yodingizdan chiqmasin.

Gallyusinatsiyalar (yo‘q narsalarning ko‘rinishi, eshitilishi, sezilishi)ni suratga tushirish

XX asrning 90-yillarida rossiyalik olim ruhiy kasallarning gallyusinatsiyalarini suratga olishni o‘rganganligini bildirdi. Perm shahri ruhiy shifoxonasi vrachi Gennadiy Kroxalev bir qancha tajriba o‘tkazdi va ruhiy kasallarning hissiyotini fotoplyonkaga tushirishga erishdi. Uning odmigina fotoapparati g‘aroyib rezina niqobi, kovaklar va o‘ta ravshanlikka moslashtirilgan kameradan iborat edi.

Kroxalev sinaluvchiga tashqi yorug‘lik manbalari kirmaydigan har tomondan yopilgan niqobni kiygizdi. Keyin u bemorni qiynagan va tashvishga solgan tasvirni ko‘z oldiga keltirishini so‘radi va suratga tushirishni boshladi. Natijada bemor hissiyotlari plyonkada yorug‘lik ko‘rinishida paydo bo‘ldi va aniq chizgilar yaratdi. Boshqalar sinaluvchining qaysi bir qiyofani kuzatayotganini bilmay turib ham uning hissiyotini birma-bir talqin qilishi mumkin edi.

“Bu shunchaki tasodif”, deb aytdi birov. “Profonatsiya (fanni oyoq osti qilish)”, deya baqirardi boshqasi. “Dunyo borlig‘ining isbotiku bu”, ma’qullardi uchinchi kishi. “Tovlamachi” yoki “firibgar”, deb hech kim ayta olmadi. Negaki, Kroxalev tajribasini ilmiy tajribaning barcha qoidalariga rioya qilgan holda, boshqa olimlar nazorati ostida o‘tkazardi.

Natija mustaqil tajribalardan so‘ng olingan bir to‘da suratlar bo‘ldi. Rasmlar esa aqldan ozgan odamlarning jinni emasligini isbotlardi. Ular ko‘rgan narsalarni, ma’lumotlarni saqlash va keyinchalik foydalanish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan material - moddiy tashuvchiga qayd qilib qo‘yish mumkin. Nahotki, hamma ham ko‘ra olmaydigan boshqa dunyo bor bo‘lsa?

Isbotingiz shumi?

Tajriba yo‘li bilan olingan va hujjatlarda qayd etilgan noma’lum, idrok qilib bo‘lmaydigan dalillar. Bundan ishonarli yana nima bo‘lishi mumkin. Attang, doktor Kroxalevning ko‘p yillik tadqiqotlari, barcha materiallari yo‘qoldi. Keyingi ilmiy tajribalar to‘xtatildi. Gallyusinatsiyalarni rasmga tushirishdek, ahmoqona gap kimga kerak edi?

O‘ziga yuklatilgan vazifani uddalay olmasdan, tushkunlikka tushgan tadqiqot muallifi 1998 yilda o‘z joniga qasd qildi.

Ulug‘ daho

Olim haqida ilgari bilib olganimiz, bu keng ommaga yaxshi ma’lum bo‘lgan Gennadiy Kroxalev haqidagi uncha ko‘p bo‘lmagan ilmiy ishlarning biri edi. Uning daholigining haqiqiy manbalari bugungi kungacha ham saqlanib qolgan. Ma’lum sabablarga ko‘ra, uning ilmiy ishlari yo‘qotilgan.

Xotima

Gennadiy Petrovich Kroxalev butun umrini ilm-fanga bag‘ishladi. Hali fanning kamdan-kam uchraydigan, tushuntirib bo‘lmaydigan fenomen hodisalariga uchraganida o‘zi tushunganicha boshqalarga ham yetkazib bera olaman, deb o‘yladi. U tadqiqotlarini eksperimental tarzda asoslab berdi. Keyingi o‘n yillikda u ko‘plab kasalliklarni davolashning samarali usullarini o‘z ichiga olgan kashfiyotlar uchun bir necha patentlarni ham qo‘lga kiritdi.

Voqelik shunda ediki, dastlab unga qo‘l silkitishdi va e’tibor berishmadi. Yaponiyadagi konferensiyada so‘zga chiqqanidan so‘ng uning tadqiqotlari asosida u yerda ilmiy-maxfiy bo‘lim tashkil etildi. Shundan keyin Rossiyadagilar harakatga kirishishdi.

Kroxalevga grant olish uchun hukumat tomonidan o‘z ishlarini jo‘natish to‘g‘risida taklif keldi. U g‘oyatda baxtli edi. Materiallarni jo‘natdi, ammo ularni qayta ko‘rmadi. Tadqiqot uchun va’da qilingan pullarni ham.

Rasman qayd etilishicha, u bunga chiday olmadi va o‘z joniga qasd qildi. Aslida esa hammasi boshqacha edi...

Olim ashyoviy dalillarni boshqatdan yig‘a boshladi. Noldan boshlagan ishi uni yangi kashfiyotlarga undadi. Bir kuni kechqurun u akasi bilan telefonda gaplashayotib, o‘zida yo‘q xursand edi va Nobel mukofotiga sazovor ishlarni boshlaganini aytdi.

Ertasi kuni esa u o‘lik holda topildi...

Kroxalevning idroki o‘zi bilan qanday sirni olib ketdi, kim biladi? Balki yangi texnologiyalar kelajakda hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi, deb umid qilamiz.

Bahora MUHAMMAMDIYeVA tarjimasi.