Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Garant Quruvchi Servis” MChJ “Sam Suzani Plyus” MChJ huquqlarini buzganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Garant Quruvchi Servis” MChJ va Shamurodov Jamshedlarning nizosi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 sentyabrdagi 123-sonli “Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy fondini yangilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni hamda Samarqand shahar hokimining 2014 yil 27 oktyabrdagi 207F-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida shahar arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan shaharning markaziy ko‘chalarida joylashgan va bugungi kun shaharsozlik arxitekturasi, yong‘in xavfsizligi va sanitariya talablariga javob bermaydigan, mavjud past va ko‘rimsiz binolarni qonun-hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘chirish hisobidan ularning o‘rniga zamonaviy arxitektura loyihalari asosida ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish to‘g‘risidagi 2016 yil 10 sentyabrda 48-sonli taklif kiritilgan.

Samarqand shahar hokimining 2016 yil 19 dekabrdagi 1858Q-sonli qarori bilan “Garant Quruvchi Servis” MChJga Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi, 128-manzilda joylashgan besh qavatli yotoqxonani buzish hisobidan zamonaviy loyiha asosida 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosidan tashkil topgan ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishiga ruxsat berilgan. Qurilish tashkiloti tomonidan ushbu umumiy yotoqxonada joylashgan fuqarolarga tegishli binolarni amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘chirish belgilangan.

Da’vogar Samarqand shahar hokimligi va qo‘shimcha da’vogar “Garant Quruvchi Servis” MChJ fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda javobgar “Sam So‘zani Plyus” MChJ mulkdori Shamurodov Jamshid, Ayrapetov Grigoriy va Saidova Mavjudalarni Gagarin ko‘chasi 128-uy ko‘p qavatli umumiy yotoqxona binosi tarkibidagi poliklinika binosidan majburiy tartibda chiqarishni hamda “Sam Suzani Plyus” poliklinikasini qurib bitkazilgan Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi 112 L binosiga ko‘chirishni, nizoli uyning 80, 88 va 89-xonadonlar bo‘yicha N.Sanaxanova bilan o‘rtalarida og‘zaki tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy deb topishni va “Sam Suzani Plyus” MChJ hududidan javobgarlar Ayrapetov Grigoriyga tegishli 24-xonadon va Saidova Mavjudaga tegishli bo‘lgan 65-xonadonlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, o‘z hududiga qo‘shib olingan holati yuzasidan ushbu uylarni hududdan chiqarish haqida da’vo arizalar berilgan.

Shahar sudining 2017 yil 13 oktyabr kungi hal qiluv qaroriga asosan da’vogar Samarqand shahar hokimligi va qo‘shimcha da’vogar “Garant Quruvchi Servis” MChJning da’vo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgar J.Shamurodov Samarqand shahri Gagarin ko‘chasi, 128-uydagi 40, 41, 42, 73, 80, 88, 89 va 108-xonadonlaridan chiqarilgan.

Javobgar J.Shamurodovga tegishli bo‘lgan Samarqand shahri Gagarin ko‘chasi 128-uydagi 40, 41, 42, 73, 80, 88, 89 va 108-xonadonlarni maydoniga teng miqdorda uy-joy berish majburiyati “Garant Quruvchi Servis” MChJ zimmasiga yuklatilgan.

J.Shamurodov va F.Shamurodovalarning foydasiga “Tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi” binosining qiymati 462.564.151 so‘m “Garant Quruvchi Servis” MChJdan undirilgan.

“Garant Quruvchi Servis” MChJ rahbari E.Mo‘minov bilan N.Sanaxanova bilan o‘rtalarida tuzilgan og‘zaki bitimni haqiqiy deb topish va sobiq “Marjona” restorani binosiga ko‘chirish qismi rad qilingan.

“Garant Quruvchi Servis” MChJga yetkazilgan zarar bo‘yicha N.Sanaxanovaga nisbatan sudga alohida tartibda murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Shahar sudining 2017 yil 13 oktyabr kungi hal qiluv qarori fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi apellyasiya instansiyasining 2017 yil 21 dekabr kungi ajrimiga asosan o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shuningdek, J.Shamurodovga kompensatsiya undirilmagan xonadonlariga nisbatan alohida tartibda da’vo ariza berish huquqi tushuntirilgan.

N.BARATOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi vazifasini bajaruvchi.