Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gavhar Alimova: “Mardikor bozorlarida mehnat yarmarkalari tashkil etamiz”

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora xotin-qizlar bilan bog‘liq turli xabar va videolar tarqalmoqda, ularning haq-huquqlari buzilishi,  turmush masalalari va boshqa muammolar bosh mavzuga aylanib qolayotir. Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qanday o‘zgarish bo‘layotgani haqida suhbatlashdik.

- Yaqinda birinchi nikohidan ajralmay turib, yana uylanayotgan erkaklarga chora ko‘rish lozimligi haqidagi taklifimni ko‘pchilik bir tomondan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan taajjubga tushdi, - deydi Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova. -  Nega aynan bu masala asosiy mavzuga aylanib qolayotgani haqida fikrlar bildirildi. Gap shundaki, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, mutaxassislar tomonidan viloyatdagi har bir oilada o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Notinch oilalar nega bu ahvolga keldi, kam ta’minlangan oilalardagi ahvolni yaxshilashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida viloyatda besh mingga yaqin oilada erkaklar birinchi xotini bilan ajrashmay, ikkinchi ayolga shar’iy uylanib, yashayotgani aniqlangan. To‘g‘ri, bu masalada imom-xatiblarga chora ko‘rish belgilangan. Ammo bu holatlarning ko‘payishi, shuncha ayol va ikki baravar ko‘p bolalarning haq-huquqlari kamsitilishi, ularning moddiy, ma’naviy hayotiga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘layotir.

- Bu masalada ayni paytdagi qonunchilikda nima deyilgan va sizning takliflaringiz nimadan iborat bo‘lmoqda?

- Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, «ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash – eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi». Ushbu moddada bir ro‘zg‘or ostida degan tushuncha berilgan. Taklifim shundan iboratki, bir ro‘zg‘or ostida bo‘lmasa-da, birinchisidan ajrashmay, ikkinchi ayolga uylangan erkaklarga nisbatan chora ko‘rilishi kerak.

- O‘rganishlar natijasi yana qanday muammolarni yuzaga olib chiqdi?

- 600 nafardan ziyod ayollar muntazam tahqirlanish ostida yashayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni ularning turmush o‘rtog‘i doimiy ichkilikka berilgan. Bu ayollar ham nazoratimizda, turmush o‘rtoqlarini davolatishga amaliy yordam berildi. Qolaversa, soliq idoralariga spirtli ichimliklarning noqonuniy oldi-sotdisiga qat’iy choralar ko‘rish, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha takliflar bilan chiqdik.

- Suhbatlardan birida xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan kam ta’minlangan, himoyaga muhtoj xotin-qizlarga berilayotgan uy-joylar masalasida murojaatlar ko‘p bo‘layotgani haqida aytib o‘tgandingiz. Ularni hal etish, qolaversa, to‘lovida qiynalayotgan xotin-qizlarga yordam berish masalasida qanday yangiliklar bor?

- Ish boshlaganimga yetti oy bo‘ldi, shu muddat davomida viloyatdagi qariyb barcha tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazdik. Haqiqatan qabullar davomida uy-joy so‘rovchi xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo biz faqat Nizomda belgilangan talablarga mos keladigan ayollarga uy ajratilishiga ko‘mak berolamiz. Ular birinchi navbatda necha yillardan beri uysiz, ikki yoki undan ortiq farzandlari, nogiron farzandlari bor ayollar kiradi. Ushbu uylarning boshlang‘ich to‘lovi, to‘g‘rirog‘i, 15 foizi xotin-qizlar qo‘mitasi fondi tomonidan to‘lab beriladi. Ammo qolgan to‘lovini amalga oshirish ham oson emas. Shunday uyga ega bo‘lganlar bu masalada qiynalib qolganini o‘rgandik. Jomboy tumani bu masalada yaxshi tashabbus bilan chiqdi. Ya’ni shunday oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanib, vaqtincha foydalanib turishlari uchun yer maydonlari ajratildi.

Prezidentimizning besh tashabbuslaridan biri xotin-qizlar bandligini ta’minlashga oid. Bu tashabbus ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj, imtiyozli uylarga ega, ammo to‘lovida qiynalayotgan xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda. Barcha tumanlarda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonalar qurilishi ham Prezidentimiz qarori ijrosi tufayli amalga oshirilmoqda. Bugunga qadar Ishtixon, Oqdaryo, Urgut, Payariq tumanlarida xudi shunday yirik sexlar ishga tushdi. Ularning har birida 500 dan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlanmoqda. Yil oxiriga qadar barcha tumanlarda shunday sexlar qurib, bitkazilishi rejalashtirilgan.

- Yaqinda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida qo‘mita tomonidan har bir mahallada Anzirat buvilarni shakllantirish haqidagi xabarlar salbiy aks-sado berdi. Bu haqda nima deysiz?

- To‘g‘ri, bugun yoshlar maslahat, tergash shaklidagi tarbiyaga quloq tutib turadigan, uni eshitadigan davrda emas. Ularga yangicha yondashuv, qarashdagi yo‘nalishlar suv va havodek zarur. Bu masalada yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda jiddiy takliflar, ko‘proq yoshlarning o‘zidan fikr olish orqali tadbirlar belgilashni rejalashtiryapmiz.

 - Ish o‘rinlari yaratilmoqda, ammo mardikor bozorlarida hamon xotin-qizlarning borligi, qolaversa, xotin-qizlar ishlayotgan korxonalarda mehnat sharoitlarining munosib emasligi ham bor gap.

- Ta’kid o‘rinli. Toyloq, Samarqand tumanlarida aynan xotin-qizlar to‘planadigan mardikor bozoriga bir necha marta borib, ular bilan suhbatlashdim, shart-sharoitlari bilan qiziqdim. Ularga ayni paytda mavjud ish o‘rinlari bo‘yicha takliflarimni berdim. Ularning aksariyati shu ish qulayligi, mablag‘ kerak paytdagina chiqib ishlashi muhimligini aytishdi. Yaqin kunlarda aynan o‘sha yerning o‘zida mehnat yarmarkasi o‘tkazmoqchimiz. 

- Ijtimoiy tarmoqlarda unchalik faol emassiz. Xotin-qizlar hayoti bilan bog‘liq muhokamalarga munosabat bildirmaysiz?

- Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifamga egaman. Tabiiyki, ularda ko‘tarilayotgan muammoli holatlardan ham xabardor bo‘laman, ammo munosabatni o‘z sahifamda emas, ko‘proq o‘sha, jabr ko‘rgan, huquqlari poymol bo‘gan xotin-qizlar bilan ko‘rishib, ularning muammosini hal qilishga harakat qilaman. Bu meni vazifam, qilayotgan ishimni ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmayman, to‘g‘risi.

- Qo‘mitaning joriy yil yarim yillik hisoboti bilan tanishganimizda salbiy holatlar bo‘yicha raqamlar pasayganini kuzatdim. Chunonchi, oilalar ajralishi, notinch oilalar soni, jinoyatga qo‘l urganlar foizlar kamaygan…

- Bu bilan maqtanishni istamasdim. Sababi, jinoyatga qo‘l urgan bitta ayol ham butun Samarqand yuziga dog‘, tug‘ruqxonada vafot etgan bitta ona ham bizning jigargo‘shamiz. E’tiborsizlik natijasida maktab yoshida ona bo‘lgan o‘quvchi, o‘z uyida tinimsiz tahqirlanish oqibatida o‘z joniga qasd qilgan munisa – ular hammasi bugun bizning og‘riqli nuqtalarimizdir. Bu holatlarni faqat tadbirbozlik orqali bartaraf etib bo‘lmaydi. Hammasi o‘rganish, ilmiy xulosalangan tarzda amalga oshishi kerak. Bu masalada bugun ilgarigidan farqli o‘laroq barcha imkoniyatlarga, mutaxassislarga ega bo‘lgan  «Oila» markazlarining tashkil etilgani ayni muddao. Ulardan aniq, tahlilli xulosalarni kutyapmiz.

Mahallardagi mutaxassislarning aholi bilan ishlash uslubini o‘zgartirish fursati keldi. FHDYo bo‘limlarining biz bilan hamkorlikda ishlashi yillar davomidagi e’tiborsizliklarga barham bermoqda. Xususan, farzandiga tug‘ilish haqdagi guvohnoma olmagan, nikohi rasmiylashtirilmagan yuzlab oilalar aniqlanib, ularga bu masalada yordam berildi. Bu jiddiy masala. Bunday masalalar, ularning yechimi bilan bog‘liq amallar bo‘lyapti va o‘ylaymanki, yangi bir bosqichda davom etadi.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.