Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Green Card qayerda, qanday o‘ynaladi?

Amerikaga immigratsiya qilish yoki u yerda bir necha yil qonuniy yashab, ishlash huquqiga ega bo‘lish – bu grin karta (Green Card) lotereyasi. Samarqandda bu haqda bilmaydigan odam topilmasa kerak. Negaki, bugun bu ish juda yaxshi biznesga aylangan. Katta-katta e’lonlar va afishalar ilinmagan bo‘lsa-da, har holda shahri azimning istalgan nuqtasida bu borada “ko‘makchi” topishingiz mumkin.

AQSh Davlat departamenti yaqinda 2021 yil uchun grin karta lotereyasiga arizalar 2019 yilning 2 oktyabridan 5 noyabriga qadar qabul qilinishi haqida xabar tarqatdi. Shu bois bu borada ayrim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishni ma’qul topdik.

Lotereya ishtirokchilari aksariyat hollarda o‘zlariga tegishli “confirmation number”, ya’ni tasdiqlov raqamini olmaydi. Vaholanki, bu raqam ishtirokchiga onlayn rejimda o‘z maqomini tekshirib ko‘rish imkonini beradi.

Tasdiqlov raqami bo‘lmagach, siz buni bilolmaysiz va agarda yutgan bo‘lsangiz tegishli kodni olib qolgan firma firibgarlik bilan yoki sababsiz pul talab qilishda foydalanishadi. Bilishimizcha, ayni paytda grin karta anketalarini to‘ldirish xizmatini ko‘rsatadigan firmalar 2020 yil uchun grin karta lotereyasi g‘olibi bo‘lganlardan kamida 3 ming dollar xizmat haqi oladi.

Kuzatishlarimizga ko‘ra, bir firma bir mavsumda 5 ming nafargacha lotereya ishtirokchisiga o‘yinda qatnashish uchun anketalarni to‘ldirishda yordamlashadi. Tahlillarga ko‘ra, grin karta yutganlar orasida samarqandliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Va tabiiyki, turmush tarzini yaxshilash uchun bu lotereyada ishtirok etuvchilar soni ko‘pligi bo‘yicha ham viloyatimiz respublikada yetakchilik qiladi. Agar 5 ming kishini lotoreyada ishtirok etishiga ko‘maklashgan firma mijozlaridan 10 nafariga yutuq chiqqan taqdirda ham daromadni hisoblab ko‘ravering.

Yo‘q, biz birovning cho‘ntagidagi pulini hisob-kitob qilish niyatida emasmiz. Biroq bu ishni ham qaysidir tashkilot tartibga olishi, hech bo‘lmasa odamlar aldanib qolmasligi uchun nazorat qilishi kerak emasmi?

Negaki, grin kartada, ya’ni Turli Millatlarga Mansub Immigrantlar Vizalarida ishtirok etishga talabgorlar https://dvlottery.state.gov saytidagi anketani to‘ldirishlari kerak. Arizani topshirish uchun to‘lov olinmaydi.

Hatto bu ishga mas’ul bo‘lgan AQSh Davlat departamenti ham arizani topshirayotganda yangilangan brauzerdan foydalanishni, eskirgan brauzerlar (masalan: Internet Explorer 8) bilan saytda muammolarga duch kelish mumkinligini qayd qilgan holda arizani shaxsan o‘zingiz, “viza konsultantlari”, “viza xizmatlari agentlari” va boshqa shu kabi “yordamchilar”siz to‘ldirishni maslahat beradi. Muhimi, arizani tekshirish va xabardor qilishni birovga ishonib topshirmaslik haqida eslatma mavjud.

Joriy yilda anketa to‘ldirish jarayonida talabgorlar xalqaro sayohat pasporti (zagran pasport) seriyasini ham kiritishlari talab etiladi.

O‘zbekistonda 2019 yil 1 yanvardan boshlab xorijga chiqish uchun ruxsatnoma stikeri berilishi to‘xtatilgan va uning o‘rnini amal qilish muddati 10 yil bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasporti egallagan.

Bunday pasport olish uchun fuqaro doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joylardagi ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga, xorijda esa O‘zbekistonning konsullik muassasalariga murojaat qilishi lozim. Tartibga binoan ariza berilganidan so‘ng 10 ish kunida, xorijda esa diplomatik pochtani jo‘natish grafigiga muvofiq belgilangan tartibda xorijga chiqish biometrik pasporti beriladi.

Departament shuningdek, ariza berishning oxirgi haftasigacha, ya’ni 5 noyabrgacha kutmaslikni maslahat bermoqda. Kompyuter dasturi yordamida tasodifiy tanlov bilan aniqlanadigan natijalar 2020 yil 5 mayida e’lon qilinadi.

Shu o‘rinda eslatma, elektron ravishda to‘ldirilgan Onlayn Immigratsion Viza va Murojaatchini Ro‘yxatga Olish Anketasi – DS-260da va konsullik xodimi shaxsan suhbat paytida AQSh qonunchiligiga asosan sizning AQSh immigratsion vizasini olish talablariga javob berishingiz bo‘yicha savollar so‘raydi. Bu savollarga jinoiy va xavfsizlikka oid mavzular kiradi.

Darvoqe, grin karta g‘olibi bo‘lish, viza taqdim etilib, AQShga borishga muvaffaq bo‘lish – o‘sha shaxsga ish joyi, boshpana, ishsizlik maoshi, tibbiy sug‘urta bepul berilishini anglatmaydi. Qolaversa, suhbat paytida Konsulga AQShga borganda qolmasligingizni isbotlab berishingiz kerak.

Barcha saralanganlarga va ularning oila a’zolariga belgilangan vaqtga vizalar berilishi shart. Departament shundan so‘ng hech qanday holatda turli millatlarga mansub immigrantlar uchun vizalar bermaydi.

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.