Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gulkaram daromadidan mahallasini boy qilgan tomorqachi

Narpay tumanining O‘zbekiston mahallasida yashovchi Hakim Rasulov 2020 yilda “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni va 2021 yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Oddiy tomorqachilik bilan shug‘ullanuvchi Hakim aka qanday qilib bunday e’tirofga sazovor bo‘ldi?

- 2002 yildan buyon 20 sotix tomorqamda yiliga uch martagacha ekin ekaman va oilam farovonligi ham shu tomorqa daromadidan, - deydi H.Rasulov. – 2010 yildan boshlab tomorqamda gulkaram yetishtirishni boshladim. Tajribamdan ko‘rdimki, bu ekin mahallamiz iqlim sharoitiga to‘la mos keladi va yaxshi hosil beradi. Qolaversa, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahalladoshlarimga ham shu ekinni ekish, mahsulot yetishtirish, daromad olish yo‘llarini o‘rgatib, ko‘chatlarini tayyorlab beryapman. Hozirda mahallamizning o‘zida 60-70 dan ortiq oila gulkaram yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi va mehnati ortidan yaxshigini daromad topyapti. Bundan tashqari, tumanimizning boshqa mahallalaridan ham maslahat so‘rab kelgan tomorqachilarga bajonidil ko‘mak beryapman.

Tajribadan kelib chiqib 20 yanvardan 1 fevralgacha to‘liq yig‘ma issiqxonada polietilen plyonka ostida gulkaram ekaman. 20 sotix tomorqaga 7 mingta ko‘chat ekiladi va may oyigacha birinchi ekinda har bir ko‘chat o‘rtacha 1 kilogramdan hosil beradi. Uning kilogramini o‘rtacha 5 ming so‘mdan sotaman. Ko‘ryapsizmi, bu paytda ayrim tomorqalarda hali ekinlar endi unayotgan paytda men 35 million so‘m daromadga ega bo‘laman. 1-10 maygacha ekindan bo‘shagan tomorqaga avvaldan tayyorlangan qizil karam va boshkaram ekaman. Ikkinchi hosil ancha salmoqli bo‘ladi va har bir ko‘chatdan o‘rtacha 5 kilogramdan hosil olinadi. Ikkinchi hosildan o‘rtacha 25 million so‘m atrofida daromad olaman. Sentyabrdan tomorqaga salat bargi va boshqa ko‘katlar ekib, dekabrgacha 10 million so‘mdan ortiq daromad olaman.

Shu mehnatim ortidan qizimni uzatdim, yangi uy qurdim, o‘g‘illarim institutda o‘qishyapti, ikkita “Damas” avtomobili oldim. Bir tomorqa mehnatidan shuncha daromadga erishdim. 2020 yilda “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonining berilishi mehnatimizga rag‘bat bo‘lgandi, mustaqilligimizning 30 yillik tantanalari arafasida Prezidentimizning farmoniga asosan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandim.

Bu medal avvalo, rizq, e’tibor halol mehnatda ekanligini anglatadi. 80 yoshga kirgan onam bor. U kishi har doim halol mehnat qilishimni uqtiradi. Onamning nasihatlariga kirib kam bo‘lmadim. Insonning niyati yaxshi bo‘lsa, u oddiy tomorqachi bo‘lsa ham elda e’zoz topadi, mehnati e’tirof etiladi. Aslida yurtimizning har bir qarich yeri bebaho. Unda mehnat qilgan kishi kam bo‘lmaydi, rizqini topadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.