Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Bugun, 2020 yil 18 mart kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida G. Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan G. Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J. Abduraxmanov va B. Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.