Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gumondorni o‘ldirib qo‘ygan 5 nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu.A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi binosida «Chiroqchi voqeasi» aybdorlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sud sudyasi K.Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E.Ergashev va R.Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 21 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra:

N.Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A.Janqabilov Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sh.Rahmonov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. Sh.Rahmonovning harakatlari Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi «a», «v», «g» bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. Sh.Rahmonov Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A.Tojinorov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining «d» bandi bilan aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. A.Tojinorovning harakatlari Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi «a», «v», «g» bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. A.Tojinorov Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

B.G‘ayratov Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.