Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hamma narsa risolasi bilan bayon etib qo‘yilgan

(Novella)

Qat-qat ko‘rpacha ustida shoxga qo‘ngan qushcha monand omonatgina o‘tirgan nuroniy onaxon nimasi bilandir musichaga o‘xshar edi. Yoshi va jismiga mos bichimli oppoq libosi ustidan boshi aralash tashlangan chorsisi nur, mo‘l va uzun yenglari ichida bilinar-bilinmas tasbeh qaytarayotgan qo‘llari zikr og‘ushida.

Uyning butun jihozi o‘ng tomoniga duxoba jildli ikki–uch kitob va quyisiga choqqina oppoq choynak qo‘yilgan, ustiga oq surf tashlangan qo‘lbola xontaxtadan iborat. Ammo sokingina eshilib taralayotgan ilohiy kalom sinoatdan yetgan fayz uni ko‘rk bilan tamomiy to‘ldirgan edi.

Odobu itoatida ostonadan salom bilan ichkari kirgan bo‘lsam-da, olg‘a yurishga iymanib turdim. Keksalik naqsh solgan, ammo ruhoniy tetiklik balqib turgan yuzlaridan izn tillariga ko‘chgach, girdixona ustidan sokingina oldilarigacha yurib bordim va ziyoratimni izhor etdim.

Suhbatimiz ildizlagan sayin salkam to‘qson yoshdagi Ulbusin momoning sog‘lom va teran fikrlari hayratimni oshirib bordi. Shukrga to‘la izhorlarini tinglab ham zavqlandim, ham ta’sirlandim. Ota-onalari o‘tmish zamonlar zarbida ko‘ch-ko‘roni bilan "ko‘chirma"ning achchiq-chuchigini tota-tota, oxiri Payariqdagi Moylitepani vatan tutgan oqmachitliklardan ekanlar:

- Sharofatli kunlarga yetkazganiga shukur! Yurtboshimiz baraka topsinlar! Ilgarilarda bu zamonlardi tushimizda ham ko‘rmaganmiz. Xudodan aylanay, o‘ng‘imizda ko‘rib, yashab juribmiz. Girtikkina ibodatimiz bilan O‘ziga tavakkal qib toza tovib, toza oshadik. G‘arazdan nari, hoyu-havasdan beri bo‘ldik. Boboyimiz to‘qson yoshida bandalikni keltirdilar. O‘zim oltmish besh yoshimda Qur’on o‘qishga jetdim, niyat xolis bo‘sa ertadir-kechdir nasiba borakan, behisob shukur.

Ikki qo‘limiz duoda. Shukur minan tong ottirib, shukr minan kun bottiramiz. Turmushimizdan ko‘ngil to‘q, orqamizda kashalchilik jo‘q. Hozirda sakson to‘qqizman. Qarilikdan gina qimayman. Ravshan ko‘raman, o‘zimdi gavdamdi  o‘zim ko‘tarib juraman. Yeb–icharimda xata jo‘q...

   Onaxonning suhbatlarini maroq bilan tinglar ekanman beixtiyor xotiramga Hazrati Ikrima (r.a.) Allohning kalomining "Nahl" surasi 70-oyatidan bergan bir xushxabarlari keldi: "Kim Qur’on o‘qisa, umrning eng zaif holatiga tushmaydi".

 Men bugun bu rostlikka ro‘baro‘ turar edim. Sirasini aytsam, ziyoratim nihoyasida onaxon iymanibgina qilgan so‘rovidan tamomiy bir holga tushib, ushbu diydor zamiridagi hikmatdan lol edim:

- Sadag‘angiz bo‘lay sizdi, kelaringizdan avvalroq bir tiniq tush ko‘rib edim, shuni jo‘rab bersangiz. Makkatilloda emishman. Tebaragi behisob, suruv-suruv qo‘y emish. Bahri dilim ochilib, zavq minan jurgan emishman. Bir payt ikki tomonimda ikki oq qush paydo bo‘p, ikki qo‘limdan tutdi-da, osmonga ko‘tarib ketdi. Uyog‘ini o‘ng‘aralmayman. Bu nedan darak bo‘sa?..

Harchand urinmayin tin olib, sokin o‘tirishim bahra yeb, pinhoniy g‘olib kuch ta’sirida to‘lqinlanib ketdim va ulkan sirni ochayotgandek hayajonda so‘radim:

- Onajon, norasida nopoyid bolangiz bo‘lganmi?

Onaxon so‘rovimni eshitmagandek zingirayib turdi-da, siniq tovushli “uf”i ortidan xayolimda mulgiganday bo‘ldi. So‘ng yurak urishiga mos tebranib turgan o‘ng qo‘li ikki barmog‘ini ishora qilib, dedi :

- Bir emas ikkovidan...

Yutinganimni sezdirmay degan o‘yda beixtiyor kaftlarim bilan og‘zimni to‘sib ko‘ngil berishga tutunsam-da, dilimdagi “pov” etib tilimga ko‘chdi:

- Sizga nasib etsa tushingizda xayrli xushxabar yetibdi, deya Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarini bayon etishga tutundim: Abu Sa’id roziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir to‘da ayollar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga: Muayyan bir kunni belgilab, bizga va’z qilsangiz», deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kunni belgilab, xotinlarga va’z aytdilar: «Qaysi bir xotinning uch bolasi o‘lsa, o‘shal bolalari uni parda bo‘lib do‘zax o‘tidan to‘sib turishg‘aydir», dedilar. Bir xotin: «Ikkita bolasi o‘lgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Ikkita bo‘lsa ham», dedilar.

Toshkentga ajib bir holda qaytdim. Hali bor, hali Kalomdan kamol topgan onaxonning nurli qiyofasi aynan sifatda ko‘z oldimda turadi... Hamsuhbatim Xo‘jakeldining og‘zaki bayoninigina oqqa tushiroldim. Uning botinidagi tasavvurni hikoya etishga ojizman. Aslida hamma narsa risolasi bilan bayon etib qo‘yilgan, ushbu o‘qiganlaringiz esa takror, xolos. Binobarin, Alloh va Payg‘ambari (s.a.v.) dan yetgan har bir xabar rost va beshuhba!

Suyundik Mustafo Nurotoiy.