Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Harbiyning rafiqasiga osonmi?

Harbiyning rafiqasi haqida gap ketar ekan, unga aksar holatda baxtli sifatini qo‘shishni istaymiz. Harbiy oilalarga havas-la boquvchilar ham bisyor. Ammo bu oilalarda biz bilmagan, to‘g‘rirog‘i, e’tibor qaratmagan muammolar ham ko‘p. Yaqinda turmushidan ajrashgan bo‘lishiga qaramay, rafiqasini, umuman, harbiylarning ayolini qahramon deb atagan nafaqadagi harbiy kishining fikrlari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Markaziy harbiy okrugning xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisi Shahnoza FAYZULLAYeVA bilan suhbatlashar ekanman, bu             oilalardagi murakkabliklar nimalardan iborat ekan, degan savollarga javob topgim keldi.

– O‘zim ham harbiyning oilasiman, ayni paytda turmush o‘rtog‘im nafaqada, – deydi Shahnoza opa. – Murakkabliklar birinchi navbatda ko‘cha-ko‘chlarda, ijarama-ijara yurishda, deb o‘ylayman. Odatda qizlar turmushga chiqayotganda oz bo‘lsa-da, kelgusida qanday sharoitda yashashi mumkinligini tasavvur qila oladi. Harbiyga turmushga chiqqan qizlar esa kutilmagan vaziyatga tayyor bo‘lishi kerak.

– Siz ham bunday kutilmagan sha­roitlarga ko‘p marta tushgan bo‘lsangiz  kerak?

– Albatta. Turmush o‘rtog‘im ikkimiz Qashqadaryo viloyatidanmiz. O‘tgan yillar davomida bir nechta viloyatlarda yashashimizga to‘g‘ri keldi. Bundan o‘n besh yillar avval Urgut tumanining chekka bir qishlog‘ida yashagandik. Suvni ham tashib kelardim. Turmush o‘rtog‘im ba’zida oylab uyga kelmagan paytlari bo‘lardi. Uch nafar yosh bola bilan qarindoshlardan olisda yashash, bolalar biri qo‘yib, biri kasal bo‘lib qoladi, qishning chillasida o‘tin yetmay qoladi. Bunday paytlarda yaxshi qo‘shnilar joningga oro kiradi. Mana shunday sinovli kunlarda yordam bergan qo‘shnilarimiz bilan ayni paytda ular boshqa viloyatlarda bo‘lishiga qaramay, bordi-keldi qilib turamiz, ular qarindoshimizday bo‘lib ketgan.

– Demak, harbiylarning rafiqalari ham ularday sinovdan o‘tar ekan-da?

– Ha, harbiylarning turmush o‘rtoqlari ham vatanparvar, fidoyi bo‘lishi talab etiladi. Uyim-joyim deydigan, sinovlarda qoqilmaydigan, oqila ayolgina tinchligimiz posbonlari bo‘lmish harbiylarning hayotiga mazmun baxsh etadi.

Afsuski, bugun ba’zi qizlar harbiyga turmushga chiqish deganda moddiy ta’minlanganlik, turli imtiyozlarga ega bo‘lishni tushunadi. Ular turmush davomida sinovlarga sabr qilishni istamaydi.

– Harbiylarning oilalari bilan bevosita ishlaydigan mutaxassis sifatida ushbu oilalardagi kelishmovchiliklar ko‘proq nimalardan kelib chiqadi, deb ayta olasiz?

– Yuqorida ta’kidlaganimday, ilk sinov yangi joy, yangi sharoit bilan bog‘liq. Yangi joyga moslasha olmay, qiynalgan kelinlar bor. Shuningdek, ba’zilarida boshqa oilalar singari kelishmovchiliklar tufayli janjallar kelib chiqadi. Harbiylarimiz orasida ota-onasiga yordam berish uchun maoshidan ularga doimiy ravishda jo‘natib turadiganlari bor. Bu ham ba’zi rafiqalarga yoqmay, o‘rtada nizolar kelib chiqadi. To‘g‘ri, bunday janjallar ko‘p emas, borlarini ham yarashtirishga harakat qilamiz. Markaziy harbiy okrug qismlaridagi oilalar ichida bunday kelishmovchiliklar bir foizni tashkil qilishi mumkin.

– Oilalardagi muhitni yaxshilash borasida qanday ishlar olib boriladi?

– Bu maqsadda haftaning bir kunida ma’naviyat soatlari o‘tiladi. Ayniqsa, o‘tgan yildan boshlab harbiy qismlarda psixolog va sotsiolog shtatining joriy etilishi ayni muddao bo‘ldi. Psixologlar tomonidan harbiylar va ularning oilalari o‘rtasida psixologik treninglar o‘tkazilyapti. Qolaversa, xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat bo‘limlari hamkorligida doimiy ravishda turli ma’naviy tadbirlar, namunali oila tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda.

– Harbiy xotin-qizlar bu sohada ishlashining o‘zi ham katta bir sinov. Ular uchun qanday imtiyozlar bor?

– Ular ham Mehnat kodeksidagi barcha imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. Ammo orada bir necha yil ularga tug‘ruq ta’tili juda kam muddatga berilardi. 2018 yildan boshlab ular ham ikki yil tug‘ruq ta’tiliga chiqish imkoniga ega bo‘lishdi. Qolaversa, bepul davolanish, yer solig‘i to‘lovidan ozod bo‘lish kabi imtiyozlar ularga ham tegishli.

 Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.