Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Hisor" davlat qo‘riqxonasidagi noyob hayvon fotoqopqonga tushdi

"Hisor" davlat qo‘riqxonasi xabar berishicha, qo‘riqxona xodimlari tomonidan o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob jonivorlardan biri, qizil sug‘urlar muhrlangan.

Qizil sug‘ur (Marmota caudata, Krasniy surok) Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (TMXI) Qizil ro‘yxatiga eng kamyob tur sifatida kiritilgan.

Bu jonivorlar, odatda, o‘t-o‘lanlar, ko‘pincha boshoqli o‘simliklar, ba’zan chuvalchang, mollyuska, hasharotlar bilan oziqlanadi. Qishda uyquga kirib, bahorda uyasidan chiqadi. Dengiz sathidan 1600 dan 3500-4000 metrgacha balandlikda bo‘lgan har xil turdagi relefli tog‘ yonbag‘irlarida hamda toshqoyalarning etaklarida yashaydi.

Qizil sug‘ur «Hisor» davlat qo‘riqxonasining barcha, G‘ilon, Miraki, Tanxozdaryo, Qizilsuv bo‘limlarida uchraydi.

So‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, bu jonivorlar qo‘riqxona hududida 4240 – 4320 boshni tashkil qilishi taxmin qilinadi.

Qizil sug‘ur Tyan-Shan, Pomir, Hindukush, Kashmir tog‘larining alp ekotizimlarida, O‘zbekistonning esa ikkita hududida, Ugom, Pskom-Chotqol va Hisor tog‘ tizmalarida uchrashi qayd qilingan.